Go’zallik sirlari

Bo’y o’stirish usullari – bo’y o’stirish uchun mashqlar, ovqatlanish qoidalari, maxsus vositalar haqida ma’lumot.

Bo’yi biroz uzunroq bo’lishni istamaydigan kishi bo’lmasa kerak. Albatta, yoshlik va o’smirlik davrida buni uddasidan chiqish mumkin. Bo’y o’stirishning ikki usuli bor: jismoniy (amaliy) va vizual. Quyida har ikkalasi haqida batafsil to’xtalamiz.

Bo’y uzunligiga nimalar ta’sir qiladi ?

Bo’yni vizual tarzda uzaytirish uchun uchun kiyim, poyabzal va qad-qomatni tekislash uchun bir nechta jismoniy mashqlar bajarish qilish yetarli bo’ladi. Jismoniy ravishda o’sish uchun amallar esa hammaga ham mos kelavermaydi, xususan:

  1. 25 yoshdan so’ng (bu yoshga yaqin rana o’sishdan to’xtaydi). Bu davrda faqatgina jarrohlik yoki medikamentoz choralar amalga oshirilishi mumkin.
  2. Irsiyat. Agar ota-ona novcha bo’lmasa, jiddiy natijalar kutmaslik kerak. Ammo bu urinib ko’rish arzimaydi degani emas.
  3. Tibbiy qarshi ko’rsatmalar mavjudligi. Agar sport bilan shug’ullanishga cheklovlar yoki umurtqa bilan bog’liq har qanday muammolar mavjud bo’lsa, bo’yni uzunroq qilishga qaratilgan urinishlar noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu holda faqat shifokor bilan maslahatlashgach muayyan choralar ko’rish mumkin.

Inson bo’yining uzunligi ko’plab omillarga bog’liq bo’ladi. Agar kishida tug’ma patologiyalar bo’lmasa, unda bo’yning pastligi — bu tabiiy reaktsiya, ya’ni mavjud tashqi sharoitda organizmning normal faoliyat uchun zarur bo’lgan optimal parametrdir.

Bundan kelib chiqib, tashqi muhit sharoitini to’g’ri yo’nalishda o’zgartirib, inson o’z tanasining rivojlanish jarayoniga ta’sir qilishi mumkin degan mantiqiy xulosa chiqarish mumkin.

Demak bo’y o’sishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi:

  • Ovqatlanish, aniqrog’i, mahsulotlarning o’sish uchun zarur bo’lgan moddalar va vitaminlar bilan to’yinganligi. Asosan kaltsiy, temir, fosfor va oqsillar kerak bo’ladi;
  • Mushaklar. Ha, aynan yaxshi rivojlangan mushaklar, ayniqsa, orqa mushaklari, umurtqaga tushadigan yukning bir qismini yengillashtirishga yordam beradi. Bu shubhasiz rivojlanish va o’sish jarayoniga ijobiy ta’sir ko’rsatadi;
  • Moslashuvchanlik. Birinchi navbatda bo’g’imlar elastikligi va moslashuvchanligi muhim;
  • Zararli odatlar. Ular shunchaki bo’lmasligi joiz.

Yuqorida sanab o’tilgan omillarga ta’sir qilish orqali tananing o’sishi va rivojlanishiga sezilarli darajada ko’maklashish mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, vazifa organizmga tabiiy yo’llar bilan yordam berishdir, jiddiyroq ta’sirlar faqat shifokorlar nazorati ostida o’tkazilishi kerak.

Uy sharoitida bo’y o’stirish usullari

Bo’yni o’stirishning asosiy tamoyili — tashqi sharoitni maksimal darajada yaxshilash. Ya’ni, barcha zararli omillarni bartaraf etish va ijobiy ta’sirlarni maksimal darajada oshirish.

To’g’ri ovqatlanish

Organizmning normal ishlashi uchun ovqat hazm qilish va metabolizm jarayoniga e’tibor berish kerak. Shuning uchun mahsulotlar ro’yxati avvalambor muvozanatli bo’lishi talab etiladi. O’sish uchun kaltsiy va temir mikroelementlari eng zaruriy moddalar sanaladi. Shu sababli kundalik ratsionga ko’proq sut mahsulotlari (pishloq, qatiq, tvorog) kiritish lozim. Temir moddasi olma va boshqa mevalarda ko’p miqdorda mavjud.

Albatta, bu minerallarning o’zi yetarli bo’lmaydi. Suyak o’sishi uchun fosfor va ayrim vitaminlar ham kerak. Lekin shubhali ko’rsatmalarga ko’r-ko’rona amal qilib, baliq va sabzi kabi mahsulotlarni me’yordan ortiq iste’mol qilmaslik zarur. Organizmning vitamin va minerallar bilan ortiqcha to’yinib ketishi yaxshi natijalarga olib kelmaydi.

Yuklarni taqsimlash

O’sish jarayoniga, ayniqsa bolalarda, umurtqaga tushadigan jismoniy yuklar jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Agar bolada 18 yoshgacha tengdoshlaridan pastroq bo’lishga genetik moyillik bo’lsa, uni akrobatika yoki og’ir atletika bo’limiga berish tavsiya etilmaydi.

Suzish tanaga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham. Suzish davomida orqa mushaklari faol ishlaydi, bu qomatning holatiga ham yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Shu bilan birga, orqa mushaklar ishi umurtqaga «yuqoridan» hech qanday bosimsiz bajariladi.

Cho’zilish

Umurtqani shug’ullantirishdan tashqari, mushaklarning moslashuvchanligini ham rivojlantirish zarur. Bu cho’zilish uchun mashqlar qilishni nazarda tutadi. Umurtqa va chanoq mushaklari bilan ishlashga afzallik berish kerak. Bu oddiy yoki «kapalak» holatida bir oyoq ustiga o’tirish kabi murakkab mashqlar bo’lishi ham mumkin.

Yana bir foydali, ammo bahsli mashq — tik, oyoqlarni jips qilib, qo’llarni tushirib, tovonni yerdan uzmagan holda yuqoriga cho’zilishdir. Dastlab bosh, so’ng butun tana yuqoriga qarab tortiladi.

Bo’y o’stirish uchun mashqlar to’plami

Bo’y o’stirish uchun mashqlarning aksariyati juda oddiy, har qanday yoshda va deyarli har qanday jismoniy tayyorgarlik darajasida amalga oshirilishi mumkin. Ularni har kuni 10-15 daqiqa davomida bajarish tavsiya etiladi.

  1. Qo’shimcha og’irlik bilan turnikda osilish. Og’irroq yuk olib, oyoqlarga bog’lanadi. Og’irlik kishining kuchi turnikda o’rtacha 15 soniya osilib turishga yetadigan qilib tanlanishi kerak. Kun sayin mashqlar davomiyligini oz-ozdan oshirib, 1 daqiqa uzluksiz osilib turishgacha olib borishga harakat qilish lozim. Bunday ko’rsatkichga yetgach, uni boshqa oshirmasa ham bo’ladi.
  2. Tik turib, oyoqlar yelka kengligida yoyiladi. Oldinga egilib, qo’llar pastga tushiriladi. So’ng tana bilan aylana harakatlar bajariladi, ikkala qo’l bir vaqtning o’zida bir yo’nalishda harakatlanishi, ular orasidagi masofani bir metrga yaqin saqlash lozim. Shunday harakatlar 20-40 marotaba bajariladi.
  3. To’g’ri turib, bosh chap va o’ng tomonga egiladi. Yelka bu vaqtda bir xil darajada ushlab turiladi. Bosh har bir tomonga 10 martadan egiladi. Keskin nafas olmaslik, harakatlar qilmaslik, barcha mushak va boylamlarni maksimal darajada cho’zishga harakat qilish kerak.
  4. Tik turgan holatda oyoqlarni yonma-yon qo’yib, qo’llar bosh uzra ko’tariladi va bir-biriga biriktiriladi. Asta-sekin oyoq uchiga ko’tarilib, bir vaqtning o’zida yuqoriga imkon qadar cho’zilishga harakat qilinadi, so’ng dastlabki holatga qaytiladi. Mashq 15 marta takrorlanadi.
  5. Yerga o’tirib, oyoqlar chatishtirib olinadi. Qo’llar ko’krak sohasida biriktiriladi, so’ng yuqoriga ko’tarila boshlanadi, butun tana ham ularning ortidan yuqoriga tomon cho’ziladi. Eng yuqori nuqtada bir necha soniya turiladi, so’ng dastlabki holatga qaytiladi. Mashqlar 15 marta takrorlanadi.
  6. Ushbu mashq uchun gimnastik to’p (fitbol) kerak bo’ladi. To’pni yerga qo’yib, ustiga ko’krak bilan yotiladi. To’p ikkala tomonidan qo’llar bilan ushlanadi va kaftlar bir-biriga qulf qilib biriktiriladi. Oyoqlar orqaga cho’ziladi va tananing barqaror holatini ta’minlash uchun yerga tayantiriladi. Shundan so’ng bo’yin, bel va chanoq bitta chiziqqa kelguncha bosh yuqoriga ko’tariladi. Shu bilan birga, qo’llar orqa tomonga tortiladi, kuraklar bir-biriga tekkiziladi.
  7. Navbatdagi mashq uchun oddiy yoki giperekstenziya uchun maxsus skameyka kerak bo’ladi. Birinchi holatda skameyka ustiga faqat oyoqlarni qo’yib, beldan yuqorisi havoda qoladigan qilib yotiladi. Boshqa kishidan oyoqlarni ushlab turishni so’rash kerak. So’ng gavdani oyoqlar darajasidan balandorqqa ko’tarish uchun qorin va bel mushaklari zo’riqtiriladi. Mashq kuch yetgancha, biroq 20 martadan oshiq bo’lmagan miqdorda bajariladi. Maxsus skameyka mavjud bo’lsa, tashqi yordam kerak bo’lmaydi.
  8. Qoringa yotib, oyoq uchlari cho’ziladi, qo’llar esa bosh oldiga qo’yiladi. Chap qo’l va o’ng oyoq bir vaqtning o’zida ko’tariladi. Bunda umurtqa pog’onasi cho’zilishini his etish kerak. Keyin esa o’ng qo’l va chap oyoq bilan huddi shu harakat takrorlanadi. Ularni iloji boricha uzoqroq ko’tarilgan holatga ushlashga harakat qilish kerak. Har bir qo’l va oyoq uchun 4 martadan takrorlanadi.
  9. Tik turgan holatda, oyoqlarni yelka kengligida qo’yib, oldinga egilish va tizzani bukmasdan qo’l bilan yerga tegishga harakat qilinadi.
  10. Yerga o’tirib, oyoqlar bir-biridan maksimal uzoq masofaga yoyiladi. Navbati bilan avval bir oyoq, so’ng ikkinchi oyoq tomon egilish, har bir egilishda kamida 20 soniya shu holatda turish kerak. Mashq har bir oyoq tomonga 4 martadan takrorlanadi.
  11. Tik turgan holatdan yuqoriga sakrash. Bunda imkon qadar yuqoriga sakrashga harakat qilish kerak. 20 marta sakragach, biroz dam olinadi va shu tarzda 5-10 ta yondashuv bajariladi.

Mashq bajarish qoidalari

  • Takrorlashlar orasidagi dam olish muddati bir daqiqadan oshmasligi kerak. Bu mashg’ulotlarga sarflanadigan vaqtni qisqartirish imkonini beradi;
  • Haftada kamida 2-3 marta shug’ullanish kerak. Mashg’ulotlarga minimum 10-15 daqiqa ajratish tavsiya etiladi. Vaqt va xohish bo’lsa, ko’proq shug’ullanish ham mumkin, bu natijaga tezroq erishishga yordamlashadi;
  • Haftasiga 5-6 martadan va kuniga bir soatdan ortiq shug’ullanmaslik darkor. Aks holda mashg’ulotlar tezda kishi zeriktirib qo’yishi mumkin. Yaxshisi jarayondan zavq olib, orada tanaffuslar qilish kerak;
  • Muayyan mashqlarni ma’lum bir kunlarda bajarish ham mumkin. Masalan dushanba kuni 1-2 mashqlar, chorshanba kuni 4-5 va hokazo;
  • Shuningdek, bir kunda barcha mashqlarni kamroq yondashuvlar bilan bajarish ham mumkin. Bu mashg’ulotlarni yanada qiziqarli qiladi.

Bo’y o’stiruvchi massaj

Jismoniy mashqlar bilan bir qatorda massaj ham foydali hisoblanadi. Biroq uni faqat mutaxassis amalga oshirishi kerak. Bu nafaqat orqa mushaklarini yaxshi tonusda saqlab qolishga, balki umurtqani tekislashga ham yordam beradi. Amalga oshirilishi jihatidan soddaligiga qaramasdan, bu usul hatto 25 yoshdan oshgan kishilar uchun ham juda samarali hisoblanadi.

Bo’y o’stirish uchun gormonlar

Bo’yni o’stirish uchun nafaqat jismoniy mashqlar bajarish va to’g’ri ovqatlanish, balki zamonaviy gormonal vositalar yordamiga murojaat qilish ham mumkin.

Darhol ogohlantirish joiz, bu usul nafaqat bahsli, balki tuzatib bo’lmaydigan asoratlarga olib kelishi ham mumkin.

Gormonal vositalar faqatgina shifokor tomonidan aniq ko’rsatmalar mavjudligida belgilanishi mumkin.

Metabolizmni kuchaytirish

O’sish jarayoni tezlashishi uchun yuqorida aytilganlarning barchasidan tashqari butun organizmning funtksiyasini to’g’rilash mumkin, bu oziqa moddalari yaxshiroq o’zlashtirilishiga yordam beradi. Modda almashinuvi jarayoniga ovqatlanishdan tashqari, chiniqish ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Buning uchun qishning sovug’ida muzdek suvda cho’milish shart emas, oddiy usullarga amal qilish kifoya:

  • Sovuq suv bilan artinish. Chiniqishning eng oson va «yumshoq» usuli;
  • Ertalab kontrastli dush qabul qilish. Bu nafaqat chiniqishga, balki tanani «uyg’otish»ga ham yordam beradi;
  • Uyda yalangoyoq yurish. Bu sovuq pol ustida yurish kerak degani emas. Bu tamoyilga ko’ra, oyoq panjalari ostida ko’plab asab oxirlari mavjud va yalangoyoq yurish butun organizm uchun o’ziga xos bir massaj hisoblanadi.

Va nihoyat, yuqoridagilarga qo’shimcha ravishda yetarlicha dam olish va sog’lom uyqu ham kerak. Normal uyqu vaqtida nafaqat tiklanadi va dam oladi, balki o’sish uchun kerakli bo’lgan modda almashinuvi jarayonlarini me’yorga ham keltiradi.

Vizual ravishda uzunroq ko’rinish

Orqa va boshni egib yurish bo’yni bir necha santimetrga past qilib ko’rsatadi. Tekis qomat kishini nafaqat uzunroq qilib ko’rsatadi, balki mushaklarga tushadigan ortiqcha zo’riqishni ham bartaraf qiladi. Bundan tashqari:

  • Sochni balandroq qilb turmaklash. Erkaklar uchun biroz bahsli masala bo’lsa, ayollar uchun muammo tug’dirmaydi.
  • Kiyim. Vertikal chiziqlar, tasvirlar, gavda uzunligi bo’ylab bir qator terilgan tugmalar, erkin tushib turgan sharflar, uzun taqinchoqlar, V shaklidagi kesmalar va boshqalar bo’yni uzunroq qilib ko’rsatishi mumkin. Gorizontal chiziqlari mavjud yoki kontrast ranglarga ega kiyimlar kiymaslik tavsiya etiladi. Kalta shimlar va beli pasaytirilgan kiyimlardan ham voz kechgan ma’qul.
  • Poyabzal. Buning uchun maxsus pataklardan foydalanish mumkin. Ayollar uchun baland poshnali poyabzal kiyish kifoya. Biroq juda baland poshnali oyoq kiyimlar oyoq va umurtqa pog’onasiga yuk tushirishini unutmaslik kerak.

Normal rivojlanish ko’rsatkichlari

O’g’il bolalar uchun

To’liq yosh Bo’y uzunligi (sm) Vazn (kg)
10 133-142 28-35
11 139-148 31-40
12 144-155 34-45
13 150-161 38-51
14 156-168 43-57
15 163-174 48-63
16 167-178 54-70
17 172-182 60-74

Qizlar uchun

To’liq yosh Bo’y uzunligi (sm) Vazn (kg)
10 134-143 28-35
11 140-149 31-39
12 146-154 36-45
13 152-160 43-53
14 155-164 48-58
15 157-166 51-60
16 158-167 52-61
17 159-170 53-62

Shuni ta’kidlash kerakki, agar sizdagi ko’rsatkichlar jadvalda keltirilganlaridan farq qiladigan bo’lsa, bu vahimaga tushish kerak degan ma’noni anglatmaydi. Bu davrda odam organizmi juda tez o’zgaradi. Bu holda faqatgina organizmga yordam berish mumkin — to’g’ri ovqatlanish va sog’lom turmush tarziga rioya qilish.

Xulosa

  1. Bo’yni ikki usulda balandroq qilish mumkin: vizual tarzda va amalda.
  2. Inson bo’yiga ijobiy ta’sir ko’rsatadigan omillar: to’g’ri ovqatlanish, umurtqa mushaklarini rivojlantirish, bo’g’imlarni moslashuvchan qilish va yomon odatlardan voz kechish.
  3. Gormonal dori-darmonlarni faqatgina shifokor bilan maslahatlashib va ​​uning nazorati ostida qabul qilish mumkin.
  4. Organizmning o’sishi va rivojlanishi uchun sog’lom metabolizm juda muhimdir.
  5. Mashqlar 25 yoshgacha bo’lgan davrda kerakli natija beradi.
  6. Jismoniy mashqni boshlashdan oldin har doim qizinib olish kerak. Haftada kamida 2-3 marta shug’ullanish tavsiya etiladi.
  7. Bo’yi uzunlik — bu muvaffaqiyatga erishish kaliti emas, huddi bo’yning pastligi muvaffaqqiyat uchun to’siq bo’lmagani kabi.
87660cookie-checkBo’y o’stirish usullari – bo’y o’stirish uchun mashqlar, ovqatlanish qoidalari, maxsus vositalar haqida ma’lumot.

Share with:

1 Fikr bildirish

  • Сарвар 30.04.2022

    Рахмат керакли малумотлар учун

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Tarjima qilish »