OG`RIQ VA BELGILAR

Frigidlik (jinsiy mayl yo’qolishi) — sabablari, asoratlari, davolash, oldini olish

Frigidlik (jinsiy maylning yo’qolishi, gipolibidemiya, anafrodiziya) — bu libidoning pasayishi, jinsiy aloqaga qiziqishning to’liq yo’qolishi. Jinsiy qo’zg’alish bevosita ochiq muloqotda ham yuzaga kelmaydi. Ba’zilarda jinsiy aloqadan keyin yoki uning davomida og’riqli hislar seziladi. Jinsiy mayl yo’qolishini davolashda kompleks yondashuv va bir nechta mutaxassislarning maslahati talab qilinadi.

Frigidlikning alomatlari va belgilari

Jinsiy sovuqlik alomatlari bemorning o’ziga bilinmasligi mumkin, lekin uning jufti tomonidan doim seziladi, bunda quyidagilar kuzatiladi:

  • Jinsiy mayl butunlay yo’qoladi yoki kamdan-kam holatlarda o’zini namoyon qiladi;
  • Jinsiy aloqa yuklatilgan vazifa sifatida qabul qilinadi, bu mavzudagi har qanday suhbat asabiylashishni keltirib chiqaradi;
  • Kishi shunchaki jinsiy aloqaga qiziqishni to’xtatadi, hatto uning yonida yoqtirgan kishisi bo’lsa ham;
  • Agar jinsiy aloqa sodir bo’lsa, organizm bu jarayonga javob bildirmaydi. Ehtiros yo’qoladi, ishqalanishni kamaytiruvchi suyuqlik ajralmaydi, hissiyotlar ham, buning natijasida orgazm ham sodir bo’lmaydi;
  • Jinsiy aloqadan oldin va keyin jinsiy a’zolarda, anus sohasida og’riqli hislar paydo bo’lishi mumkin;
  • Jarayondan so’ng qoniqmaslik yoki noxush ta’sirlanish hissi paydo bo’ladi.

Ko’pchilik frigidlik nimani anglatishini tushunmaydi va o’zlarini boshqa sabablar bilan oqlashga intiladi. Ammo, agar unga vaqtida e’tibor berilmasa, bu kasallik haqiqatan ham xavfli bo’lishi mumkin.

Rivojlanish sabablari

Ayol va erkaklardagi frigidlik sabablari 2 toifaga bo’linadi: psixologik[manba] va fiziologik.

Psixologik

  • Uzoq davom etadigan stress va ortiqcha ishlash jinsiy zavqlanishni emas, balki dam olish va uxlashni birinchi o’ringa olib chiqadi. Bu organizmning normal reaktsiyasi bo’lib, u kishini yanada ortiqcha zo’riqishdan himoya qilishga qaratilgan;
  • Jinsiy zo’ravonlik, hatto bu ko’p yillar oldin sodir bo’lgan bo’lsa ham, psixologik to’siqning muhim sababi sanaladi, ayniqsa salbiy tajriba hayotda birinchi jinsiy aloqaga to’g’ri kelgan bo’lsa. Bunday vaziyatda muammoni psixolog yordamisiz hal qilib bo’lmaydi;
  • Jinsiy hamroh salbiy his-tuyg’ular yoki nafrat uyg’ota boshlasa, janjallar, muammolar, ajralishlar, ruhiy yaralar ikkinchi yarimiga bo’lgan mehrni batamom yo’q qiladi, bu holatda jinsiy aloqa — bu o’ziga qarshi zo’ravonlik bilan barobar;
  • Rejalashtirilmagan homiladorlikdan qo’rqish, agar qo’rquv ayolning hayoliga o’rnashib qolgan bo’lsa, u tinchlana olmaydi;
  • Oila muhiti — frigid insonlar o’sib-ulg’aygan oilalarda his-tuyg’ularni ifoda etish odatiy holat emas, bunday oilalarda sovuqqonlik va yopiqlik rag’batlantiriladi.

Fiziologik

  • Jinsiy a’zolar shikastlanishi asab oxirlarini ta’sirlanishiga olib keladi;
  • Tug’ruqdan keyin qin devorlari jiddiy shikastlanadi, bu ham jinsiy mayl pasayishiga sabab bo’ladi;
  • Kam hollarda a’zolar rivojlanishidagi patologiyalar uchraydi.

Xavf omillari

Jinsiy sovuqlik yanada murakkablashmasligi uchun nima qilish kerak? Inson nafaqat jinsiy jihatdan, balki butunlay o’zini to’liq ifoda eta olishi uchun munosabatlarda, oilada sog’lom muhit va mustahkam salomatlik zarur. Afsuski, bu omillar har doim ham birgalikda kuzatilmaydi.

  • Agar jinsiy hamrohlardan biri boshqasini masxara qilsa yoki uni muntazam ravishda kamsitib kelsa, bu alal oqibat komplekslar shakllanishi va yopiqlik rivojlanishiga sabab bo’ladi. Bu ayollarda frigidlikni keltirib chiqarishi mumkin.
  • Bundan tashqari, agar jinsiy hamrohlardan biri boshqasini u bilan jinsiy aloqada bo’lishga majbur qilsa, ikkinchisida jinsiy aloqa qilish fikrining o’ziyoq nafrat uyg’ota boshlaydi.
  • Endokrin tizimining buzilishini keltirib chiqaradigan surunkali kasalliklar frigidlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Asoratlari

Jinsiy hayotning yetishmasligi va undan qo’rqish depressiyaga olib kelishi mumkin. Bemor o’z kasalligi tufayli butunlay tushkunlikda bo’ladi. Agar muammo vaqtida aniqlanmasa, jinsiy hamroh yo’qligi yolg’izlikka olib keladi. Bu ham inson ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi.

Ko’pincha frigidlik bilan birga kechadigan gormonal fonning buzilishi quyidagilarga olib kelishi mumkin:

  • Bepushtlik;
  • Bachadon miomasi;
  • Yomon sifatli o’smalar paydo bo’lishi;
  • Polikistoz tuxumdon kasalligi.

Hatto jinsiy hamrohga ehtiyoj bo’lmasa ham kishi o’z salomatligiga beparvo bo’lmasligi kerak. Ayollarda jinsiy sovuqlik bilan bog’liq muammolar hayot sifatini jiddiy ravishda yomonlashtirishi mumkin.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak

Frigidlikni seksopatolog davolaydi. Shifokor muammoning asosiy sababini aniqlashga yordam beradi. Shundan so’ng aniqlangan muammoning turiga qarab, bemor psixolog yoki ginekologga yo’naltirilishi mumkin.

Shifokorga tashrif buyurishga tayyorgarlik

Psixolog-seksologga tashrif buyurishdan oldin bemor ginekolog yoki urolog-androlog tomonidan tekshirilishi mumkin. Tashrifdan oldin dush qabul qilish, toza ich kiyim va paypoqlar haqida unutmaslik kerak.

Seksolog bilan uchrashuvga alohida tayyorgarlik talab qilinmaydi, faqat bemor shaxsiy muammolarini ochiq muhokama qilishga tayyor bo’lishi kerak. Shifokorlar har bir bemor haqidagi ma’lumotlarni sir tutadilar.

Ayollar quyidagi savollar bilan murojaat qilishlari mumkin:

  • Tug’ruqdan keyingi davrda jinsiy hayot;
  • Orgazm yetishmasligi;
  • Yosh o’tgani sari jinsiy mo’ljalning o’zgarishi.

Tashxislash

Tashxislashda jinsiy maylning yo’qligi, og’riqning mavjudligi va boshqa muammolarni aniqlashdan tashqari, uni keltirib chiqargan birlamchi sababni ham aniqlash darkor. Agar ayolda jinsiy aloqada a’zolar sohasida noqulaylik sezilsa, u ginekolog ko’rigidan o’tishi zarur, shifokor ma’lum kasallik yoki patologiya mavjudligi to’g’risida yakuniy hulosa chiqaradi.

Psixologik muammo mavjudligi psixolog yoki seksolog bilan o’tadigan bir qator suhbatlar davomida aniqlanadi. Ko’pincha, frigidlik qizlarning voyaga yetmaganligining natijasidir, ya’ni u jismonan yetuk, ammo ruhiy jihatdan hali kattalar hayotiga tayyor emas. Bunday holatda unga psixolog yordam beradi.

Davolash

Tashxis qo’yilgandan so’ng, bemorga frigidlikni qanday davolash kerakligi tushuntiriladi. Muolajalar kompleksi kasallikni keltirib chiqargan sababga bog’liq. U bir yoki bir nechta usullardan iborat bo’lishi mumkin, xususan:

  • Gormonal terapiya;
  • Psixolog bilan suhbat;
  • Seksolog bilan juftlar birgalikda yoki alohida-alohida suhbat qilishi;
  • Libidoni kuchaytiradigan dori vositalari qabul qilish;
  • Massaj va aromaterapiya.

Ayollarda frigidlikni davolash ko’pincha munosabatlarning hissiy sohasi bilan bog’liq. Ular ko’proq e’tibor, iliqlik, g’amxo’rlik, muloqot qilishni xohlaydi.

Uyda davolanish usullari

Uzoq muddatli tibbiy davolanishdan so’ng o’simliklardan tayyorlangan damlamalar qo’shimcha ijobiy natija berishi mumkin.

Tindirma va damlamalar:

  • Oltin tomir damlamasi 1-3 oy davomida buyuriladi, kuniga 10-15 tomchidan qabul qilinadi;
  • Jenshen damlamasi dorixonada sotiladi, kuniga 20 tomchidan qabul qilish buyuriladi. Ushbu damlama shuningdek organizmning umumiy tonusini ham oshiradi;
  • Na’matak, moychechak va qichitqi o’tlaridan tayyorlangan damlamalar organizm tizimlarni barqarorlashtirishga yordam beradi.

Frigidlikni davolash borasida noto’g’ri tushunchalar

  • Haqiqiy frigidlik jinsiy aloqaga bo’lgan qiziqishning to’liq yo’qligi sifatida namoyon bo’ladi. Agar ayol vaqtincha o’zini noqulay his qilsa yoki sherigidan ko’ngli qolsa, bu uning frigidligini anglatmaydi.
  • Ko’pincha erkaklardagi frigidlik ortida psixologik muammolar yashiringan bo’ladi. Ular stress, shok, psixologik travma bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Bu muammolar psixolog bilan o’tkazilgan muolajalardan so’ng yo’qoladi.
  • Shuningdek, ayollardagi jinsiy sovuqlik ko’pincha seksolog bilan bir necha suhbatdan so’ng hal bo’ladi. Ko’pincha er-xotin o’zlari shunchaki istaklarini muhokama qilishmaydi.

Oldini olish

Erkaklarda frigidlikni oldini olish uchun psixologik va jismoniy salomatlikni kuzatib borish kifoya. Birinchi muammolar sezilishi bilanoq urolog, psixolog yoki seksologga murojaat qilish kerak.

Jinsiy hamroh bilan intim hayot haqida suhbatlashish, istak-xohishlar bilan bo’lishish, noxush bo’lgan narsalar haqida fikr bildirish, ishonchli munosabatlar o’rnatish kerak.

Kishi o’zini jufti bilan shunchaki «shunday qabul qilingan»ligi uchin yaqinlik qilishga majburlamasligi kerak Bu hech kimga ma’qul kelmaydi va juftidan ham, jinsiy aloqadan ham ko’ngli qolib ketishiga olib keladi.

10270cookie-checkFrigidlik (jinsiy mayl yo’qolishi) — sabablari, asoratlari, davolash, oldini olish

Share with:

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Tarjima qilish »