HAZM A'ZOLARI KASALLIKLARI

Gastrit haqida ma’lumot – sabablari va oldini olish

Statistikaga koʻra, gastrit belgilari kamida har ikkinchi odamga tanish. Makkor kasallik kattalarga ham, bolalarga ham hujum qiladi, zero sogʻlom hayot tarzi va toʻgʻri ovqatlanish ham sogʻlom oshqozon kafolati boʻla olmaydi. Unda nima qilish kerak? Oʻzingizni va yaqinlaringizni bu kasallikdan qanday himoyalash mumkin? “Zdorovye s Yelenoy Malыshevoy”da gastrit qanday kasallik ekani va nima uchun uning bu qadar keng tarqalganiga doir maʻlumotlar taqdim etildi.

Gastrit nima?
Qisqa qilib aytganda, bu – oshqozon shilliq qavatining yalligʻlanishi. Gastritda oshqozon oʻz vazifasini normal bajara olmaydi: taom yaxshi hazm boʻlmaydi, bu holsizlik va quvvat yetishmovchiligiga olib keladi. Bemorlar koʻpincha qorin sohasida ogʻriq his qilishadi, shuningdek koʻngil aynishi, qayt qilish, ich qotishi va ishtaha pasayishi kuzatiladi. Biroq kasallik deyarli belgilarsiz kechishi ham mumkin. Oshqozon-ichak trakti kasalliklarining 80 foizi – gastritning u yoki bu shakli.

Nima uchun gastrit yuzaga keladi?

Gastrit rivojlanishining asosiy sabablari orasidan quyidagilar qayd etiladi:

1. Helicobacter pylori bakteriyasi

Gastrit va oshqozon yarasi 85 foizdan ortiq holatlarda aynan shu bakteriya sabab rivojlanadi. Shunisi diqqatga sazovorki, shifokorlar uzoq vaqt Helicobacter pylori bakteriyasining mavjudligi haqida bilishmagan, gastrit sababi sifatida esa yuqori kislotalilik va stress koʻrsatilgan. 2005 yilda amerikalik olim Barri Marshall ushbu mikroorganizmni kashf qilgani uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

Helicobacter pylori odamdan odamga asosan maishiy yoʻl bilan oʻtadi – aksariyat holatlarda umumiy ovqatlanish idishlari orqali. Shunday boʻlsa-da, nima uchun bu bakteriya baʻzi kishilarga katta ziyon yetkazib, hatto saratongacha olib kelishi, boshqalari esa butun hayoti davomida organizmida bunday bakteriya borligini bilmay ham oʻtishi haqidagi savol ochiqligicha qolmoqda.

2. Tartibsiz ovqatlanish

Quruq yeguliklar, ovqatni tez chaynash, haddan tashqari issiq, sovuq va achchiq taom – bularning bari oshqozon devorlariga ziyon yetkazadi. Shu bilan birga, shoʻr taomlar ham gastritni keltirib chiqarishi mumkin, zero u Helicobacter pylori faolligiga ijobiy taʻsir koʻrsatadi.

3. Alkogol

Etil spirtini muntazam isteʻmol qilish oshqozon shilliq qavati uchun zararlidir. Spirtli ichimliklar qancha oʻtkir boʻlsa, ularning organizmga taʻsiri shuncha jiddiy boʻladi.

4. Dorilar

Gatroenterologiyada shunday bir diagnoz bor – medikamentoz (dorivor) gastrit. U koʻpincha oʻzboshimcha davolanish asorati boʻladi. Bemorlarning taxminan 20 foizida kasallik shamollashga qarshi preparatlar, antibiotiklar, insulin, glyukokortikoid gormonlar va silga qarshi vositalarni uzoq vaqt notoʻgʻri qoʻllash natijasida namoyon boʻladi. Bu va boshqa baʻzi dorilar oshqozon shilliq qavatiga salbiy taʻsir koʻrsatadi, lekin dorixonalarda retseptsiz sotiladi.

5. Gijja invaziyasi

Baʻzi tadqiqotchilar gastritning parazitlar bilan zararlanishga bogʻliqligini taʻkidlashadi.

Gastrit har ikkinchi odamda boʻlsa-yu, aksariyat bu haqida hatto bilmasa, uni davolashga hojat bormikan?

Soʻnggi ilmiy kashfiyotlar sharofati bilan bugunga kelib gastrit muvaffaqiyatli davolanmoqda. Biroq baʻzilar agar hech nima bezovta qilmasa (yoki koʻp bezovta qilmasa), tashxisga eʻtibor bermaslik mumkin, deb hisoblashadi. Ammo bunday yondashuv xavfli: oshqozon faoliyati buzilishi davolanmasa, uning koʻlami kengayib, yaraga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, yillar davomida rivojlanuvchi oshqozon kasalliklari – bu onkologik kasalliklarga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl degani. Oshqozon saratoni holatlarining 70-90 foizi Helicobacter pylori bilan zararlanish va oʻz vaqtida davolanmaslik natijasida boshlanadi.

Buni qanday bartaraf etish mumkin?

Avval shifokorga uchrashing, ayniqsa gastritning biror belgilari sizni bezovta qilgan boʻlsa. Deyarli har qanday kasallikni muvaffaqiyatli davolash garovi erta tashxis qoʻyishdir.

Zamonaviy tibbiyot darajasi kasallik yoki uning qoʻzgʻatuvchilari mavjud yo yoʻqligini tez va aniq belgilash imkonini beradi.

Quyidagi bir necha murakkab boʻlmagan tavsiyalar Helicobacter pylori bilan zararlanishning oldini olishda yordam beradi:

– Ovqatdan oldin qoʻllaringizni yuving;
– Birovning idishidan ovqat yemang;
– Shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalaning.

Va albatta, barchaga maʻlumu mashhur qoidalar oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi: chekishni tashlang, spirtli ichimliklar ichmang, oʻzboshimchalik bilan davolanmang va tartibli ovqatlaning – bu tamoyillar nafaqat gastrit, balki koʻplab boshqa kasalliklarni chetlab oʻtishga yordam beradi.

100900cookie-checkGastrit haqida ma’lumot – sabablari va oldini olish

Share with:

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Tarjima qilish »