PARAZITAR KASALLIKLAR

Gijja (gelmintoz) — turlari, alomatlari, asoratlari, davolash, oldini olish

Gijja, gelmintoz (lot. helminthosis, qad.yun ἕλμινς yoki ἕλμινθος — parazit qurt + -osis) — parazitar kasallik. Asosan bolalar, ovchilar, baliqchilar va ularning oilalarida, shuningdek, qishloq joylarda yashovchi kishilarda uchraydi. Bu bir qator parazit chuvalchanglar insonlar va o’simliklar hisobiga yashaydi, ularning ichida rivojlanadi va ko’payadi.

Taxmin qilinishicha, dunyoda hayoti davomida biron marta gijja bilan kasallanmagan kishi mavjud emas. Bugungi kunda yer sayyorasi aholisining 24 foizi yoxud 1,5 milliard kishi gijjalar bilan kasallangan hisoblanadi.

Tasnifi

Parazitlar donor tanasining qay sohasida faolligiga qarab ikki toifaga bo’linadi:

  • Gastrointestinal — me’da-ichak tizimning turli bo’linmalarida yashovchi gijjalar. Ichak parazitlarining 100 ga yaqin turi (ichakning har bir qismi uchun o’nlab) mavjud. Ingichka ichakda askaridlar, tasmali ostritsa, keng tasmalilar va ularning boshqa «qarindoshlari» yashaydi. Tibbiy adabiyotda bir kishi turli xil parazit turlari bilan bir vaqtning o’zida zararlanganligi holatlari ham bayon qilingan.
  • To’qimalar — parazit ichki a’zolarda, to’qimalarda va hatto qonda joylashishi mumkin. Zamonaviy tibbiyot paragonimoz (o’pka), sistitserkoz (miya), exinokokkoz (jigar) va filyarioz (limfatik tomirlar) bilan muvaffaqiyatli kurashib kelmoqda. Ba’zi gijjalar qon tizimi orqali organizm bo’ylab harakatlanib, har qanday a’zoga tasodifiy birikib olishi mumkin. Tuxumlarning juda ko’p bo’lishida butun organizm zararlanishi ehtimoli mavjud.

Gijja yuqishi yo’llari

Geogelmintoz

Tuproq va suv orqali yuqishi. Tuproq, qum va boshqa turdagi zamin gijja tuxumlari uchun eng xos yashash muhitidir. Parazit tuxumlari tuproqqa zararlangan najas bilan ajralib chiqadi. Yaxshi yuvilmagan meva va sabzavotlarni iste’mol qilish, iflos qo’llar, taomga chang tushishi geogelmintlar yuqishiga olib kelishi mumkin. Parazitlarning ayrim tuxumlari inson organizmiga oyoq va tovon terisi orqali kiradi.

Hosilli o’simliklar doimo yer bilan aloqada bo’ladi. Ko’katlar, meva va sabzavotlar terib olinish jarayonida ishchi qo’llari, sabzavot do’konlarining changli rastalari, yuk tashish transportlari bilan aloqa qiladi. Bunday hollarda parazit tuxumlari bilan mahsulotni zararlanishi ehtimoli juda yuqoridir. Shu sababli o’simlik mahsulotlarni avval oqar suv ostida, keyin qaynoq suv bilan yuvish tavsiya etiladi.

To’g’ridan-to’g’ri aloqa

Bu holda parazitlar insonga kasallangan hayvonlar va boshqa insonlarning qo’llari, bolalarning birgalikda o’ynashi davomida, birgalikda faoliyat yuritish orqali yuqadi.

Ayniqsa uy hayvonlari avval ko’chada yurib, keyin uyga kiradigan qishloq sharoitida hushyor bo’lish kerak. Sayrdan keyin mushuk yoki it uyga qancha ifloslik kiritish mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Chivin va suvaraklar ham gelmint tuxumlarini tashuvchilar sanaladi. Oziq-ovqat mahsulotiga qo’nib, ular mahsulotlarni zararlashi mumkin.

Biogelmintoz

Bu holda parazit zararlangan hayvonot manbalaridan olingan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish orqali yuqadi. Xom va yomon ishlov berilgan go’sht (shashlik, cho’chqa go’shti, go’sht konservalari, yovvoyi hayvonlar go’shti) va baliq (sushi, quritilgan, konservalangan baliq) iste’mol qilish potentsial xavfli sanaladi. Bunda nafaqat gelmintlar, balki ichak infektsiyasi bilan ham kasallanish ehtimoli mavjud.

Boshqa yo’llar

  • Hasharot chaqishi. Bunday yuqish kam uchraydi. Bunga ichak miazi, kantariaz va skolekiyaz kiradi. Shuningdek, gijja tuxumlari va hasharotlarning lichinkalarini adashtirmaslik lozim. Ba’zi hasharotlar ham hayvon va inson terisi ositga lichinka qo’yishi mumkin.
  • Odamdan odamga. Parazit yuqishining bu mexanizmi yuqori samaradorlikka ega. Misol uchun ostritsalar kechki payt anus atrofida tuxum qo’yadi. Bola uyqu holatida qichishish tufayli tuxum qo’yilgan joyni qashiy boshlaydi. Minglab tuxumlar kiyimga, to’shakka, ertalab esa bola yuz-qo’lini yuvguniga qadar tegingan barcha narsaga tushadi, masalan eshik dastasiga. Natijada, butun oila infektsiyalanish xavfi ostida qoladi.
  • Suv orqali. Ochiq suv havzalarida ko’plab gijjalar mavjud. Cho’milish va tasodifan suvni yutib yuborish zararlanish ehtimolini tug’diradi.

Xavf guruhi

Xavf guruhiga kiruvchi asosiy toifa — bolalar sanaladi. Ota-onalar farzandlari sog’lig’iga qanchalik e’tibor qaratishmasin, qo’llari tozaligini qancha nazorat qilishmasin, ularni parazitlardan himoya qilish juda qiyin. Statistikaga ko’ra, 4-5 yoshli bolalarning 95 foizga yaqini gijjalar bilan kasallanadi.

Bolalar tashqi muhitni o’rganishadi, tabiat ularda qiziqish uyg’otadi. Bola hamma narsaga teginib, uni tatib ko’rishga qiziqadi. Bundan tashqari, ularning himoya mexanizmlari shakllanish bosqichida bo’ladi. Ota-onalar farzandlarini shaxsiy gigiena qoidalariga o’rgatish uchun majburlov emas, balki buning sababini tushuntirishga harakat qilishlari kerak.

Baliq, yovvoyi hayvon va qushlar go’shtini yeydiganlar, xonaki sut ichidaginalarda trixinellyoz va difillobotrioz bilan kasallanish xavfi mavjud.

Gijja belgilari

Insonlarda gijja paydo bo’lishining alomatlari aniq va yashiringan bo’ladi. Aniq belgilarga «sababsiz» vazn yo’qotish, teri rangining ochligi (teri anemiyasi), surunkali charchash, kechki payt anal teshigi atrofida qichishish misol bo’la oladi.

Bir qator hollarda gijja yuqishi oqibatida ichki a’zo kasalliklari kuchayishi, ilgari namoyon bo’lmagan kasalliklarning paydo bo’lishi kuzatiladi. Bu yashirin alomatlar hisoblanadi. Bunday holda bemor boshqa turli xil kasalliklarni davolashga kirishadi, ammo birlamchi kasallikka e’tibor bermaydi.

Odamlarda turli xil gijjalar bilan kasallanganda yuzaga keladigan alomatlar farq qiladi. Parazit infektsiyaning davomiyligi va darajasi, bemorning infektsiyadan oldingi holatini hisobga olish kerak. Quyidagi jadvalda muayyan parazit turi mavjudligida kuzatiladigan asosiy belgilar keltirilgan.

Parazit turi (kasallik) Yuqish yo’li Alomatlari Paydo bo’lish vaqti
Ostritsa (enterobioz) O’simlik mahsulotlari iste’moli orqali. Orqa chiqaruv teshigi atrofida kechki qichishish, najasda parazitlar mavjudligi, kindik sohasida keskin, qisqa muddatli og’riqlar. Yuqganidan 2-3 kun o’tib
Qilbosh gijja (trixosefalyoz) Antisanitariya sharoitlarida tayyorlangan oziq-ovqatlar orqali. Alomatlar faqat jiddiy zararlanganlikda seziladi: ich ketishi, qorinda og’riqlar, ishtaha buzilishi, appendiksning yallig’lanishi. Bolalarda o’sishdan ortda qolish, to’g’ri ichak tushishi kuzatilishi mumkin. Bir necha hafta o’tib
Keng tasmasimon (difillobotrioz) Zararlangan baliq yeyish. Ushbu parazit bemor ichida 25 yilgacha yashashi mumkin. Belgilari: ichakning mexanik jarohatlari, avitaminoz, ichak tutilishi, organizm intoksikatsiyasi, allergiya. Bir necha hafta o’tib
Yumaloq chuvalchang (ankilostomidoz) Zararlangan tuproqda yalangoyoq yurganda. Parazit kirgan sohada qichishish, shish va qizarish. Yo’tal, balg’am ajralishi, bronxlar va o’pka shikastlanishi. Holsizlik, bosh aylanishi. Ayollarda hayz sikli buzilishi, erkaklarda esa impotentsiya. Bir necha kun o’tib
Askarida (askaridoz) O’simlik mahsulotlari iste’moli orqali. Ichaklarda og’riq, peritonit, bronxit, pnevmoniya, jigar, me’da osti bezi kasalliklari. Oshqozon-ichak traktidan qizilo’ngach yoki nafas yo’llariga o’tib, bo’g’ilishga sabab bo’lishi mumkin. 3 oy atrofida
Trixinella (Trixinellyoz) Yaxshi ishlov berilmagan go’sht orqali. Ko’ngil aynishi, jig’ildon qaynashi, ich ketishi. 2 kun o’tib
Fastsiola (fastsiolyoz) O’simliklar va suv. Isitma, quruq yo’tal, ishtahaning pasayishi, qorinda og’riqlar. 2-4 hafta ichida

Asoratlari

Ba’zan xastalik belgilari shifokor va bemorlar tomonidan noto’g’ri talqin qilinadi. Yetarli tajribaga ega bo’lmagan mutaxassis oshqozon-ichak tizimining mavjud bo’lmagan kasalliklarini davolashga kirishishi mumkin. Muammo o’z vaqtida hal qilinmasa, bir qator asoratlar yuzaga keladi.

Immunitet darajasi pasayishi

Buning natijasida infektsion kasalliklar rivojlanadi. Parazitlar inson tanasida ko’p miqdorda oziqa moddalarini iste’mol qiladi, zaharli moddalar chiqaradi. Bunday holatda bemor immuniteti sezilarli darajada zaiflashadi.

Surunkali kasalliklarning kuchayishi, burun-halqumda turli xil yallig’lanish jarayonlari boshlanishi mumkin. Gaymorit yoki stomatitni standart usulda davolash samarasiz bo’lishi qayd qilinadi. Qizlar va ayollarda bachadon tanasining yallig’lanish jarayonlari, vulvovaginit, vaginozlar boshlanishi mumkin.

Tananing umumiy zaharlanishi

Bemorda gijjalar miqdori qancha ko’p bo’lsa, ular shunchalik ko’p zararli moddalar ishlab chiqaradi. Bu kattalar va bolalar salomatligi va asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Zaharlanish oqibatida bosh og’rig’i, bosh aylanishi, bo’g’imlarda og’riq, ko’ngil aynishi kuzatiladi. Bunday holda belgilarni bartaraf etishga qaratilgan choralar vaqtinchalik samara beradi, bir muddat o’tgach, ular yana qayta yuzaga keladi.

Bolalarda asab tizimi faoliyatining buzilishi bezovtalik, befarqlik, agressiya bilan birga kechadi. Agar bola yomon yotsa, tushida gapirsa, qo’rqinchli tushlar ko’rsa, fanlarni o’zlashtirishi tushib ketsa, uni shifokorga ko’rsatish tavsiya etiladi.

Allergik reaktsiyalar, teri patologiyasi

Gijjalarning hayotiy faoliyati mahsulotlari allergenlar sifatida qabul qilinadi. Teri reaktsiyalari (toshma, qichima, donachalar, terining quruqlashishi) — bu allergiya boshlanishi bilan yuzaga kelishi mumkin bo’lgan eng minimal alomatlardan biri.

Astma, rinit, yo’talning kuchayishi kabi umumiy reaktsiyalar kuzatilishi ham mumkin. Ba’zida gijja bilan kasallanish soch to’kilishi, ularning mo’rt bo’lishi, tovon terisi yorilishi, tirnoqlarning qavatlashishiga olib keladi.

Oshqozon-ichak buzilishlari

Zararlanganlik jiddiyligiga qarab, biroz ko’ngil aynishi va ich ketishdan tortib surunkali meteorizm, qabziyat, qayt qilish, qovurg’a osti va kindik atrofidagi og’riqlarga qadar farq qiladi. Gijjalar to’qimalarda parazitlik qilganida bunday alomatlar kuzatilmasligi mumkin.

Zamonaviy tibbiyot ma’lumotlari shuni ko’rsatadiki, ko’plab kasalliklar gijja mavjudligi bilan bog’liq. Masalan, parazitlar bilan uzoq vaqt davomida kasallanganlik bilan onkologiya o’rtasidagi aloqa klinik jihatdan isbotlangan.

Tashxislash

Gijja borligini aniqlashning bir necha yo’li mavjud. Poliklinikada bemorga so’lak, najas va qon tahlili topshirish tavsiya etiladi. Yuqumli parazitlardan shikoyat bo’lganda, infektsionist va parazitologga murojaat qilinadi. Ularga terapevt, bolalar uchun esa pediatr tomonidan yo’llanma berilishi mumkin.

Uy sharoitida bemor o’z salomatligiga tayangan holda xulosa chiqarishi mumkin. Quyida zararlanganlik omillari ro’yxati keltirilgan. U shunday tuzib chiqilganki, agar insonda ushbu belgilarning 7 ta va undan ortig’i mavjud bo’lsa, gijja yuqganligi ehtimoli yuqori bo’ladi:

  1. Ko’pincha orqa chiqaruv teshigida qichishish paydo bo’lishi;
  2. Teri ustida donacha va dog’lar paydo bo’lishi;
  3. Tez-tez bosh og’rig’i, bosh aylanishi;
  4. Tez-tez ko’ngil aynishi, zaharlanishsiz qayt qilish;
  5. Qorin dam bo’lishi, og’rishi, ich ketishi, ich qotishi;
  6. Uyqu buzilishi, uyqusizlik;
  7. Oyoqlarning to’satdan shishishi;
  8. Yo’tal, bronxit, astmatik xurujlar, teri reaktsiyasi kabi allergiyalar;
  9. Limfa tugunlari yallig’lanishi yoki kengayishi;
  10. Tezda o’tib ketadigan og’riqlar;
  11. Ovqatlanishlar orasida og’izda achchiq ta’m sezish;
  12. Zaiflik, ma’lum sabablarsiz charchash;
  13. Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan aloqada bo’lish, bolalar muassasalariga tashrif buyurish;
  14. Kasalliksiz tana haroratining ko’tarilishi;
  15. Teri va shilliq to’qimalarning odatdagidan ko’ra sariqroq ko’rinishi;
  16. Uyda doimiy aloqa qilib turadigan uy hayvoni mavjudligi;
  17. Zo’riqish bo’lmaganida ham mushaklar va bo’g’imlarda og’riq;
  18. Kechki xurrak otish va tishlarni g’ijirlatish;
  19. Oxirgi bir necha oy ichida quritilgan baliq, cho’chqa go’shti va boshqa yaxshi ishlov berilmagan go’sht mahsulotlarini iste’mol qilganlik;
  20. Parhezsiz va turmush tarzingizda hech qanday o’zgarishsiz vazn yo’qotish;
  21. Sabzavot va mevalarni to’g’ridan-to’g’ri bog’dan yoki do’kondan olib yeyish, ularni qaynoq suv bilan yuvmaslik.

Agar gijja bilan kasallanish ehtimoli mavjud bo’lsa, profilaktik choralarni ko’rish va davolanishni boshlash joiz. Zararlanganlikni aniqlash uchun eng samarali tahlil immunofermentiv tahlil sanaladi.

Gijjani davolash

Bemorlarga mustaqil davolanish tavsiya etilmaydi. Parazit turlari keng tarqalganligi bois, ularning har biri uchun tegishli ta’sir ko’rsatadigan dori vositalarini tanlash kerak. Odatda shifokor gelmintlarning turiga qarab 10 ga yaqin turdagi dori va ularning analoglarini tayinlaydi.

Gijjaga qarshi dorilar qo’llanilishi
Nomi Kasallik
Mebendazol* (Vermoks) Askaridoz, trixinellyoz, strongiloidoz, enterobioz, ankilostomidoz
Pirantel Enterobioz, askaridoz
Levamizol Askaridoz
Albendazol* Askaridoz, trixinellyoz, strongiloidoz, enterobioz, trixotsefalez, ankilostomidoz

* — JSST tomonidan tavsiya etilgan.

Yuqoridagi dori vositalarining analoglari ham mavjud.

Asosiy dori (ta’sir qiluvchi modda) Chiqarilish shakli Analogi Chiqarilish shakli
Piperazin (Piperazin adipat) Tabletka Piperazin-Darnitsa Ichish uchun eritma, tabletkalar
Pirantel Ichish uchun suspenziya, qobiq bilan o’ralgan tabletka (1) Gelmintoks,(2) Kombantrin,(3) Nemotsid (1) Ichish uchun suspenziya, qobiq bilan o’ralgan tabletka.(2) Ichish uchun suspenziya, qobiq bilan o’ralgan tabletka.(3) Ichish uchun suspenziya, qobiq bilan o’ralgan tabletka.
Mebendazol Tabletka, suspenziya, bolalar uchun sirop Vermoks, Vermakar, Mebeks, Vero-Mebendazol, Termoks, Vormin Tabletka, suspenziya, bolalar uchun sirop
Albendazol Tabletka Nemozol, Gelmodol-VM, Vormil Tabletka, suspenziya, bolalar uchun sirop
Levamizol Tabletka Dekaris Tabletka
Karbendatsim Tabletka Medamin Tabletka

Gijja tuxumlariga ta’sir qiluvchi ba’zi dorilar katta gijjalarga ta’sir qilmaydi va aksincha. Shuning uchun har bir holatda dori vositasi ko’rsatmalarini diqqat bilan o’qib chiqish tavsiya etiladi. Qayta infektsiyalanish ehtimoli yuqoriligi sababli odatda davolanishni 2-3 marta o’tkazish tayinlanadi.

Oldini olish

Parazit tuxumlarining organizmga doimiy ravishda qayta tushishi bemorning birinchi martadayoq davolanib ketishiga yo’l qo’ymaydi. Bunday takroriy terapiya kurslari zarur.

Bolalarga gijja bilan zararlanishni oldini olish uchun qovoq urug’larini berish tavsiya etiladi. Urug’ tarkibida mavjud bo’lgan kukurbitinlarni parazitlarga nobud qiluvchi ta’sir ko’rsatadi. Bundan tashqari, ovqatlanishdan oldin qo’llarni tirnoq osti bilan qo’shib yaxshilab yuvish kerak.

Uy hayvonlarini har 3 oyda davolab turish kerak. Eshik dastalarida gijja tuxumlari 6 oygacha saqlanib turishi mumkinligi sababli, bolalar xonasini tez-tez tozalab turish tavsiya etiladi. Qo’l va tana gigiyenasiga mas’uliyatli bo’lish, iste’mol uchun oziq-ovqatni hushyorlik bilan tayyorlash lozim.

10060cookie-checkGijja (gelmintoz) — turlari, alomatlari, asoratlari, davolash, oldini olish

Share with:

1 Fikr bildirish

  • ✔ You got 61 255 USD. Gо tо withdrаwаl => https://telegra.ph/BTC-Transaction--487429-03-14?hs=75e8baf95d253768a59e3e97eaf11e1f& ✔ 29.03.2024

    spmqwy

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Tarjima qilish »