HAZM A'ZOLARI KASALLIKLARI

Jigar sirrozi haqida ma’lumot – sababi, belgilari, tasnifi, tashxislash, davolash va oldini olish

Jigar sirrozi – jigar parenximatoz to‘qimasining fibroz biriktiruvchi to‘qimaga aylanishi bilan tavsiflanadigan kasallikdir. Bu kasallik o‘ng qovurg‘a ostida to‘mtoq og‘riq, sariqlik, portal vena tizimida bosimning oshishi hamda portal gipertenziyaga xos qon ketishlar (qizilo‘ngach, gemorroidal), assit va boshqa belgilar bilan kechadi. Kasallik surunkali xususiyatga ega. Jigar sirrozi tashxisida jigarning ultratovush, KT va MRT tekshiruvlari ma’lumotlari, biokimyoviy sinovlar ko‘rsatkichlari, jigar biopsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jigar sirrozini davolashda alkogoldan qat’iy voz kechish, parhezga rioya qilish, gepatoprotektorlar qabul qilish talab etiladi; og‘ir holatlarda esa donor jigari ko‘chirib o‘tkaziladi.

Umumiy ma’lumot

Sirroz jigar to‘qimasida biriktiruvchi to‘qimali tugunlarning paydo bo‘lishi, biriktiruvchi to‘qimaning o‘sib ketishi va «soxta» bo‘lakchalarning shakllanishi bilan tavsiflanadi. Sirroz hosil bo‘ladigan tugunlarning o‘lchamiga qarab ikki turga bo‘linadi: mayda tugunli (diametri 3 mm gacha bo‘lgan ko‘plab tugunlar) va yirik tugunli (diametri 3 mm dan ortiq bo‘lgan tugunlar). Gepatitlardan farqli o‘laroq, a’zo tuzilishidagi o‘zgarishlar qaytmas hisoblanadi, shu sababli jigar sirrozi davolab bo‘lmaydigan kasalliklar qatoriga kiradi.

Jigar sirrozi rivojlanishining asosiy sabablari orasida spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish yetakchi o‘rinni egallaydi (bemorlarning 35,5% dan 40,9% gacha). Ikkinchi o‘rinda esa virusli gepatit C turadi. Sirroz erkaklarda ayollarga nisbatan ko‘proq uchraydi, bu holat erkaklar orasida spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish ko‘proq tarqalganligi bilan bog‘liq.

Sabablari

Aksariyat hollarda jigar sirrozining rivojlanish sababi spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish va B hamda C virusli gepatitlar, kamroq hollarda esa fermentopatiyalardir:

  1. Alkogolga qaramlik. Muntazam ravishda 80-160 ml etanol miqdorida spirtli ichimliklarni iste’mol qilish jigarning alkogolli kasalligiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida sirroz paydo bo‘lishi bilan rivojlanadi. 5-10 yil davomida spirtli ichimliklarni suiiste’mol qiluvchilarning 35 foizida sirroz kasalligi kuzatiladi.
  2. Gepatobiliar tizim kasalliklari. Surunkali gepatitlar ham ko‘pincha jigar to‘qimasining fibrozli o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Tashxis qo‘yish chastotasi bo‘yicha birinchi o‘rinda B va C virusli gepatitlar turadi (C gepatiti ko‘proq destruktiv kechishga moyil bo‘lib, tez-tez sirrozga aylanadi). Shuningdek, sirroz surunkali autoimmun gepatit, sklerozlovchi xolangit, birlamchi xolestatik gepatit, o‘t yo‘llarining torayishi, o‘t dimlanishi natijasida ham yuzaga kelishi mumkin. O‘t aylanishining buzilishi natijasida rivojlanadigan sirrozlar biliar sirrozlar deb ataladi. Ular birlamchi va ikkilamchi turlarga bo‘linadi.
  3. Metabolik buzilishlar. Jigar sirrozining rivojlanishiga almashinuv patologiyasi yoki fermentlar yetishmovchiligi: mukovissidoz, galaktozemiya, glikogenoz, gemoxromatoz sabab bo‘lishi mumkin.
Xavf omillari

Jigar to‘qimasi o‘zgarishining xavf omillariga quyidagilar kiradi:

  • gepatolentikulyar degeneratsiya (Vilson kasalligi);
  • gepatotoksik dori vositalarini (metotreksat, izoniazid, amiodaron, metildopa) qabul qilish;
  • surunkali yurak yetishmovchiligi;
  • Badd-Kiari sindromi;
  • ichakda jarrohlik aralashuvlari;
  • ichak va jigarning parazitar zararlanishi.

20-30 foiz hollarda jigar sirrozining kelib chiqish sababini aniqlab bo‘lmaydi, bunday sirrozlar kriptogen sirrozlar deb ataladi.

Patogenezi

Jigar sirrozi rivojlanishining asosiy patogenetik omili gepatotsitlarning surunkali oziqlanish buzilishi va ularning yemirilishidir. Buning natijasida biriktiruvchi to‘qimaning bir qismi bo‘lgan tuguncha asta-sekin shakllanadi. Shakllangan tugunlar jigar bo‘lakchalardagi qon tomirlarini siqib qo‘yadi va qon aylanishi yetishmovchiligi zo‘rayib boradi. Shu bilan birga, darvoza venasi tizimidagi qon oqimi sekinlashadi, tomirlar to‘lib, haddan tashqari cho‘ziladi.

Qon aylanib o‘tish yo‘llarini izlay boshlaydi va asosan jigarni chetlab o‘tib, kollateral qon aylanish tomirlari orqali harakatlanadi. Jigar qon oqimining asosiy hajmini o‘z zimmasiga oladigan tomirlar – qizilo‘ngach va oshqozon venalari, gemorroidal va qorin old devori tomirlari – sezilarli darajada to‘lib ketadi. Bu tomirlarda varikoz kengayish va devorlarning yupqalashishi yuzaga keladi, natijada qon ketishi xavfi tug‘iladi.

Belgilari

Klinik simptomlarning ifodalanishi sirrozning kelib chiqish sabablari, rivojlanish faolligi va jigarning zararlanish darajasiga bog‘liq. Bemorlarning 20 foizida simptomsiz kechishi kuzatiladi, ko‘pincha kasallik dastlab minimal belgilar (qorin dam bo‘lishi, ish qobiliyatining pasayishi) bilan namoyon bo‘ladi.

Keyinchalik o‘ng qovurg‘a ostida vaqti-vaqti bilan o‘tmas og‘riq paydo bo‘lishi mumkin, bu spirtli ichimliklar iste’moli yoki parhez buzilishi natijasida yuzaga keladi va spazmolitiklar qabul qilish bilan bartaraf etilmaydi. Shuningdek, tez to‘yinish (oshqozon to‘lib ketgandek his) va teri qichishi kuzatilishi mumkin. Ba’zida tana haroratining biroz ko‘tarilishi, burundan qon ketishi kuzatiladi. Kasallik zo‘rayib borgan sari sariqlik, portal gipertenziya belgilari, qizilo‘ngach va gemorroidal venalardan varikoz qon ketishi, qorin bo‘shlig‘ida suyuqlik to‘planishi (assit) aniqlanadi.

Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarda xos bo‘lgan alomatlar: «baraban tayoqchalari» (barmoq falangalarining o‘ziga xos qalinlashuvi), «soat oynalari» (tirnoqlarning o‘ziga xos o‘zgarishi), kaft eritemasi (kaftlarning qizarishi), teleangiektaziyalar («qon tomir yulduzchalar», yuz va tanada nozik teri osti tomirlarining bo‘rtib chiqishi). Erkaklarda sut bezlarining kattalashuvi (ginekomastiya) va moyaklarning kichrayishi kuzatilishi mumkin. Odatda, zo‘rayib borayotgan jigar sirrozi tana vaznining kamayishiga va distrofiyaga olib keladi.

Asoratlari

Jigar sirrozining hayot uchun xavfli asoratlaridan biri jigar yetishmovchiligidir. O‘tkir jigar yetishmovchiligi shoshilinch davolash choralarini talab qiladigan terminal holat bo‘lib, surunkali jigar yetishmovchiligi esa qondagi ammiak miqdorining ortib ketishi va uning miyani zaharlashi natijasida asab tizimida jiddiy buzilishlarga olib keladi. Davolanmasa, jigar yetishmovchiligi jigar komasiga aylanadi (jigar komasidagi bemorlarning o‘lim ko‘rsatkichi 80 foizdan 100 foizgacha yetadi).

Amalda, aksariyat hollarda zo‘rayib borayotgan sirroz assit va portal gipertenziya bilan asoratlanadi. Assit qorin bo‘shlig‘ida suyuqlik to‘planishi bo‘lib, qorinning kattalashishi bilan namoyon bo‘ladi, jismoniy ko‘rik va perkussiya usuli orqali aniqlanadi. Ko‘pincha oyoqlarda shish paydo bo‘lishi bilan kechadi. Uning kelib chiqishi oqsil muvozanatining buzilishi bilan bog‘liq.

Portal gipertenziya – darvoza venasi tizimida qon dimlanishi bo‘lib, aylanma (kollateral) vena qon oqimining kuchayishi bilan tavsiflanadi. Natijada qizilo‘ngach, me’da, to‘g‘ri ichak venalarining varikoz kengayishi yuzaga keladi, ularning devorlari yorilib, qon ketishi sodir bo‘ladi. Ko‘zga ko‘rinadigan portal gipertenziya «meduza boshi» belgisi – kindik atrofidagi venalarning kengayib, turli tomonga tarqalishi bilan aniqlanadi.

Yuqorida aytib o‘tilganlardan tashqari, jigar sirrozi infeksiya qo‘shilishi, jigarda xavfli o‘sma (gepatotsellyulyar karsinoma) paydo bo‘lishi bilan ham asoratlanishi mumkin, shuningdek buyrak yetishmovchiligi rivojlanish ehtimoli ham mavjud.

Tashxislash

Tashxis qo‘yish gastroenterolog yoki gepatolog tomonidan anamnez ma’lumotlari va jismoniy ko‘rik natijalari, laboratoriya tekshiruvlari, funksional sinovlar hamda instrumental diagnostika usullari yig‘indisi asosida amalga oshiriladi.

  1. Umumiy qon tahlili. Jigar sirrozida umumiy qon tahlilida kamqonlik, leykotsitlar va trombotsitlar sonining kamayishi (odatda bu taloq faoliyatining kuchayishini ko‘rsatadi) kuzatilishi mumkin. Qon ivish ko‘rsatkichlari protrombin indeksining pasayganligini ko‘rsatadi.
  2. Qonning biokimyoviy tahlili. Jigar fermentlari (ALT, AST, ishqoriy fosfataza) faolligining oshishi, qonda bilirubin (ikkala fraksiya), kaliy va natriy miqdorining ko‘payishi, mochevina, kreatinin va albuminlar darajasining pasayishi aniqlanadi. Shuningdek, gepatit viruslariga qarshi antitanachalarni va alfa-fetoprotein miqdorini aniqlash uchun tahlillar o‘tkaziladi.
  3. Qorin bo‘shlig‘i a’zolarining ultratovush tekshiruvi. Ultratovush ma’lumotlariga ko‘ra, jigarning hajmi va shakli o‘zgarganligi, uning tovush o‘tkazuvchanligi, shuningdek, portal gipertenziya belgilari va taloqdagi o‘zgarishlar qayd etiladi.
  4. Tomografiya. Qorin bo‘shlig‘i kompyuter tomografiyasi jigar, qon tomirlari va o‘t yo‘llarini yanada batafsil ko‘rish imkonini beradi. Zarur hollarda jigarning magnit-rezonans tomografiyasi va jigar qon tomirlarining dopplerometriyasi o‘tkaziladi.
  5. Jigar biopsiyasi. Bu usul morfologik o‘zgarishlarning xususiyatini baholash va sirrozning rivojlanish sabablari haqida taxmin qilish imkonini beradi.

Ushbu kasallikning kelib chiqish sabablarini aniqlashning yordamchi usullari sifatida fermentlar yetishmovchiligini aniqlash usullari qo‘llaniladi, temir almashinuvi ko‘rsatkichlari va modda almashinuvi buzilishlarining belgilari bo‘lgan oqsillar faolligi o‘rganiladi.

Davolash

Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarni davolash quyidagi vazifalarni hal qilishi lozim: jigar to‘qimasining progressiv aynishini to‘xtatish, mavjud funksional buzilishlarni bartaraf etish, kollateral qon oqimi venalariga tushayotgan yukni kamaytirish, asoratlar rivojlanishining oldini olish.

Dori-darmonsiz usullar

Barcha bemorlarga maxsus parhez tayinlanadi va ovqatlanish tartibi tavsiya etiladi. Kompensatsiya bosqichidagi sirrozda to‘laqonli ovqatlanish, oqsillar, yog‘lar va uglevodlar muvozanatini saqlash, zarur vitaminlar va mikroelementlarni qabul qilish kerak. Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlar spirtli ichimliklardan mutlaqo voz kechishlari shart.

Ensefalopatiua, jigar yetishmovchiligi rivojlanish xavfi yuqori bo‘lsa, bemorlar oqsil miqdori kamaytirilgan parhezga o‘tkaziladi. Assit va shishlar mavjud bo‘lsa, bemorlarga tuzdan voz kechish tavsiya etiladi. Rejim bo‘yicha tavsiyalar: muntazam ovqatlanish, kuniga 3-5 marta, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, harakatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik (sayr qilish, suzish, davolash jismoniy tarbiyasi).

Farmakoterapiya

Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarga ko‘plab dori vositalari qo‘llanilishi mumkin emas. Shuningdek, dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat qo‘shimchalarini cheklash maqsadga muvofiq.

Jigar sirrozining dori-darmon bilan davolash usuli metabolizm buzilishi bilan bog‘liq alomatlarni tuzatish, gepatoprotektorlar (ademetionin, ornitin, ursodezoksixol kislotasi) qo‘llashdan iborat. Shuningdek, ammiakni chiqarishga va ichak mikroflorasini normallashtirishga yordam beradigan preparatlar (laktuloza), enteroseptiklar qo‘llaniladi.

Sirrozni bevosita davolashdan tashqari, jigar to‘qimasining aynishiga sabab bo‘lgan kasallikka qarshi kurashish uchun dori-darmonlar bilan davolash buyuriladi: virusga qarshi interferonoterapiya, autoimmun holatlarning gormonal terapiyasi va boshqalar.

Jarrohlik yo‘li bilan davolash

Kuchli assitda laparotsentez va qorin bo‘shlig‘idagi ortiqcha suyuqlikni olib tashlash amalga oshiriladi. Muqobil qon oqimini shakllantirish uchun kollateral tomirlar shuntlanadi. Ammo sirrozni davolashning eng samarali jarrohlik usuli donor jigarini ko‘chirib o‘tkazishdir. Transplantatsiya og‘ir kechuvchi, tez rivojlanuvchi, jigar to‘qimasining yuqori darajada aynishi, jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarga ko‘rsatiladi.

Prognoz va profilaktika

Sirroz davosiz kasallik hisoblanadi, lekin erta bosqichlarda aniqlansa, etiologik omil muvaffaqiyatli bartaraf etilsa, parhez va turmush tarzi bo‘yicha tavsiyalarga amal qilinsa, yashovchanlik prognozi nisbatan ijobiy bo‘ladi. Alkogol sirrozi alkogolni suiiste’mol qilish davom etganida tez orada dekompensatsiyaga uchrab, xavfli asoratlar paydo bo‘lishiga moyil bo‘ladi.

Rivojlangan assit bilan og‘rigan bemorlar taxminan 3-5 yil yashashi mumkin. Kollateral qon oqimining varikoz venalaridan qon ketishi paydo bo‘lganda, birinchi epizodda o‘lim 30-50% ni tashkil qiladi. Jigar komasining rivojlanishi aksariyat hollarda (80-100%) o‘limga olib keladi.

Jigar sirrozining oldini olish alkogol iste’molini cheklash, virusli gepatitlar va sirroz rivojlanishiga olib keladigan boshqa kasalliklarni o‘z vaqtida va yetarli darajada davolashdan iborat. Shuningdek, sog‘lom muvozanatli ovqatlanish va faol turmush tarzi tavsiya etiladi.

 

Maqola muallifi : Xalilov Nurilloxon Abdug‘ani o‘g‘li
104160cookie-checkJigar sirrozi haqida ma’lumot – sababi, belgilari, tasnifi, tashxislash, davolash va oldini olish

Share with:

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Tarjima qilish »