HAZM A'ZOLARI KASALLIKLARI

Jigar yetishmovchiligi haqida ma’lumot – sababi, belgilari, tasnifi, tashxislash, davolash va oldini olish

Jigar yetishmovchiligi – jigarning bir yoki bir necha vazifasi buzilishi natijasida yuzaga keladigan o‘tkir yoki surunkali sindrom bo‘lib, u moddalar almashinuvining buzilishi, zaharlanish, markaziy asab tizimi faoliyatining izdan chiqishi va jigar komasining rivojlanishi bilan kechadi. Kasallik jigar hujayralarining yetishmovchiligi belgilari (sariqlik, qon ketish, hazm qilish buzilishi, shish-assit sindromlari, isitma, ozib ketish) va jigar ensefalopatiyasi (kayfiyatning beqarorligi, loqaydlik, nutqning buzilishi, qo‘llarning titrashi, muvozanatni yo‘qotish) bilan namoyon bo‘ladi. Jigar yetishmovchiligining eng og‘ir ko‘rinishi jigar komasidir. Jigar yetishmovchiligi qonning biokimyoviy ko‘rsatkichlari, elektroensefalografiya va jigar ssintigrafiyasi yordamida aniqlanadi. Jigar yetishmovchiligini davolash zaharlanishni bartaraf etishga, elektrolit muvozanatini tiklashga va kislota-ishqor muvozanatini me’yoriga keltirishga qaratilgan.

Umumiy ma’lumot

Jigar yetishmovchiligi turli etiologiyaga ega bo‘lgan jigar parenximasidagi keng tarqalgan distrofik, fibroz yoki nekrotik o‘zgarishlar natijasida rivojlanadi. Gastroenterologiya va gepatologiyada jigar yetishmovchiligining o‘tkir va surunkali kechishi farqlanadi. Jigar yetishmovchiligining asosiy patogenetik bo‘g‘ini a’zoning zaharni zararsizlantirish funksiyasining buzilishi hisoblanadi. Shu sababli, metabolizmning zaharli mahsulotlari (ammiak, γ-aminomoy kislotasi, fenollar, merkaptan, yog‘ kislotalari va boshqalar) markaziy asab tizimining shikastlanishiga olib keladi. Elektrolit muvozanatining buzilishi (gipokaliyemiya) va metabolik atsidozning rivojlanishi xarakterlidir. Jigar yetishmovchiligida o‘lim darajasi 50-80 foizgacha yetadi.

Tasnifi

Klinik kechishiga ko‘ra jigar yetishmovchiligi o‘tkir va surunkali turlarga ajratiladi. O‘tkir jigar yetishmovchiligi jigar zararlanganidan so‘ng 2 oy ichida rivojlanadi. O‘tkir yetishmovchilikning asosiy sabablari virusli gepatitning fulminant (tez kechuvchi) shakllari, alkogol, dori vositalari yoki boshqa zaharli moddalar ta’sirida jigarning shikastlanishi hisoblanadi. Surunkali jigar yetishmovchiligi esa jigarning surunkali kasalliklari (o‘smalar, fibroz, sirroz va boshqalar) zo‘rayishi natijasida yuzaga keladi.

Jigar yetishmovchiligi endogen, ekzogen yoki aralash mexanizmlar asosida rivojlanishi mumkin. Endogen yetishmovchilikning asosida gepatotsitlarning nobud bo‘lishi va jigar parenximasining 80 foizdan ortig‘ining ishdan chiqishi yotadi. Bu holat ko‘pincha o‘tkir virusli gepatitlar va jigarning toksik zararlanishlarida kuzatiladi. Ekzogen jigar yetishmovchiligi esa jigardagi qon aylanishining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunda zaharli moddalar bilan to‘yingan qon darvoza venasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy qon aylanish tizimiga o‘tadi, jigarni chetlab o‘tadi. Ekzogen mexanizm ko‘pincha portal gipertenziya va jigar sirrozida shuntlovchi operatsiyalardan keyin kuzatiladi. Aralash jigar yetishmovchiligi esa har ikkala patogenetik mexanizm – endogen va ekzogen omillar birgalikda mavjud bo‘lganda yuzaga keladi.

Jigar yetishmovchiligining rivojlanishida uch bosqich ajratiladi: boshlang‘ich (kompensatsiyalangan), yaqqol ifodalangan (dekompensatsiyalangan) va terminal distrofik bosqich hamda jigar komasi. O‘z navbatida, jigar komasi ham bosqichma-bosqich rivojlanadi va prekoma, xavfli koma va klinik jihatdan to‘liq rivojlangan koma bosqichlarini o‘z ichiga oladi.

Sabablari

Jigar yetishmovchiligining boshlanishida jigarning viruslar, bakteriyalar, parazitlar bilan infektsion zararlanishi yetakchi rolni o‘ynaydi. Jigar yetishmovchiligining eng ko‘p uchraydigan sababi virusli gepatitlardir: gepatit V (47% hollarda), gepatit A (5%), gepatit C, D va E. Virusli gepatitlar fonida jigar yetishmovchiligi ko‘pincha 40 yoshdan oshgan, jigar kasalliklari bor, alkogol va narkotik moddalarni suiiste’mol qiladigan bemorlarda rivojlanadi. Kamroq hollarda jigar yetishmovchiligi Epshteyn-Barr virusi, oddiy gerpes, adenovirus, sitomegalovirus va boshqalarning yuqishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Jigar yetishmovchiligining keyingi uchraydigan etiologik omillari dori vositalari va toksinlardir. Masalan, paratsetamol, analgetiklar, sedativ preparatlar, diuretiklar dozasini oshirib yuborish jigar parenximasining massiv zararlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Jigar yetishmovchiligi hodisalarini keltirib chiqaradigan eng kuchli toksinlar bo‘lib oq poganka zahari (amanitoksin), aspergilla zamburug‘larining mikotoksini (aflatoksin), kimyoviy birikmalar (to‘rt xlorli uglerod, sariq fosfor va boshqalar) xizmat qiladi.

Bir qator hollarda jigar yetishmovchiligi venookklyuzion kasallik, surunkali yurak yetishmovchiligi (SYUYE), Badd-Kiari sindromi, ko‘p qon ketishi tufayli yuzaga keladigan jigar giperfuziyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Jigar limfoma o‘sma hujayralari bilan bir talay infiltrlanganda, o‘pka raki, me’da osti bezi raki metastazlar berganida jigar yetishmovchiligi boshlanishi mumkin.

Jigar yetishmovchiligining kam uchraydigan sabablari jumlasiga jigarning o‘tkir yog‘ distrofiyasi, autoimmun gepatit, eritropoetik protoporfiriya, galaktozemiya, tirozinemiya va boshqalar kiradi. Bir qator hollarda jigar yetishmovchiligining rivojlanishi jarrohlik aralashuvlari (portokaval shuntlash, transyugulyar jigar ichi portosistem shuntlash, jigar rezeksiyasi) yoki jigarning to‘mtoq shikastlanishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Elektrolitlar muvozanatining buzilishi (gipokaliyemiya), qusish, ich ketishi, interkurrent infeksiyalar, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish, oshqozon-ichakdan qon ketishi, laparotsentez, oqsilli ovqatni ortiqcha iste’mol qilish va boshqalar kompensator mexanizmlarning buzilishiga va jigar yetishmovchiligining rivojlanishiga olib keladigan omillar bo‘lishi mumkin.

Belgilari

Jigar yetishmovchiligining klinik ko‘rinishi jigar hujayralari yetishmovchiligi sindromlari, jigar ensefalopatiyasi va jigar komasini o‘z ichiga oladi. Jigar hujayralari yetishmovchiligi bosqichida sariqlik, teleangioektaziyalar, shishlar, assit, gemorragik diatez belgilari, dispepsiya, qorin og‘rig‘i, isitma, vazn yo‘qotish paydo bo‘ladi va rivojlanadi. Surunkali jigar yetishmovchiligida jinsiy mayl susayishi, bepushtlik, moyak atrofiyasi, ginekomastiya, alopetsiya, bachadon va sut bezlari atrofiyasi bilan kechadigan endokrin buzilishlar rivojlanadi. Jigarda moddalar almashinuvi jarayonlarining buzilishi og‘izdan jigar hidi kelishi bilan xarakterlanadi. Jigar yetishmovchiligining bu bosqichida laboratoriya tekshiruvlarida qon zardobida bilirubin, ammiak va fenollar miqdorining oshishi, gipoxolesterinemiya aniqlanadi.

Jigar ensefalopatiyasi bosqichida ruhiy buzilishlar qayd etiladi: hissiy holatning beqarorligi, bezovtalik, befarqlik, uyqu va mo‘ljal olishning buzilishi, qo‘zg‘alish va tajovuzkorlik ehtimoli mavjud. Nerv-mushak buzilishlari nutqning noaniqligi, yozuvning buzilishi, qo‘l barmoqlarining «qarsillab» titrashi (asteriksis), harakat koordinatsiyasining buzilishi (ataksiya), reflekslarning kuchayishi bilan namoyon bo‘ladi.

Jigar yetishmovchiligining oxirgi bosqichi jigar komasi hisoblanadi. Prekoma fazasida uyquchanlik, lanjlik, es-hushning chalkashligi, qisqa muddatli qo‘zg‘alish, mushaklar tortishishi, tutqanoqlar, tremor, skelet mushaklarining rigidligi, patologik reflekslar, nazoratsiz siydik chiqarish paydo bo‘ladi. Milklar qonab turishi, burundan qon ketishi, hazm yo‘lidan qon ketishi mumkin. Jigar komasi es-hushning yo‘qolishi va og‘riq qo‘zg‘atuvchilariga javob bermaslik, reflekslarning so‘nishi bilan kechadi. Bemorning yuzi niqobsimon tus oladi, ko‘z qorachiqlari kengayadi va yorug‘likka reaksiya bermaydi, AB pasayadi, patologik nafas paydo bo‘ladi (Kussmaul, Cheyn-Stoks). Odatda, jigar yetishmovchiligining bu bosqichida bemorlar o‘lib ketadi.

Tashxislash

Jigar yetishmovchiligiga shubha qilingan bemorlardan anamnez yig‘ishda spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish, o‘tkazilgan virusli gepatitlar, mavjud moddalar almashinuvi kasalliklari, surunkali jigar kasalliklari, xavfli o‘smalar va dori-darmonlar qabul qilish holatlari aniqlanadi.

Qonning klinik tahlili kamqonlik va leykotsitoz mavjudligini aniqlash imkonini beradi. Koagulogramma ma’lumotlari bo‘yicha koagulopatiya belgilari: protrombinli indeks pasayishi va trombotsitopeniya aniqlanadi. Jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda biokimyoviy ko‘rsatkichlarni dinamik tekshirish zarur: transaminazalar, ishqoriy fosfataza, gamma-glutamiltransferaza, bilirubin, albumin, natriy, kaliy, kreatinin va kislota-ishqor muvozanati.

Jigar yetishmovchiligini tashxislashda qorin bo‘shlig‘i a’zolarining ultratovush tekshiruvi ma’lumotlari hisobga olinadi: exografiya yordamida jigar o‘lchamlari, parenxima va portal tizim tomirlarining holati baholanadi, qorin bo‘shlig‘idagi o‘sma jarayonlari istisno etiladi. Gepatossintigrafiya yordamida jigarning diffuz zararlanishi (gepatitlar, sirroz, yog‘li gepatoz), jigar o‘smalari aniqlanadi va o‘t sekretsiyasi tezligi baholanadi. Zarur hollarda, jigar yetishmovchiligini tekshirish qorin bo‘shlig‘ining MRT va MSKT bilan to‘ldiriladi.

Elektroensefalografiya jigar ensefalopatiyasini aniqlash va jigar yetishmovchiligini bashorat qilishning asosiy usuli hisoblanadi. Jigar komasi rivojlanganda EEGda ritmik faollik to‘lqinlari amplitudasining sekinlashishi va kamayishi kuzatiladi. Jigar biopsiyasining morfologik ma’lumotlari jigar yetishmovchiligiga olib kelgan kasallikka qarab farqlanadi. Jigar ensefalopatiyasi subdural gematoma, insult, abssess, bosh miya o‘smalari, ensefalit va meningit bilan qiyosiy tashxis qilinadi.

Davolash

Jigar yetishmovchiligida oqsilni qat’iy cheklash yoki butunlay istisno qilish bilan parhez tayinlanadi; prekoma bosqichida zond orqali yoki parenteral oziqlantirishga o‘tiladi.

Jigar yetishmovchiligini davolash zaharli moddalarni chiqarish, qon aylanishini yaxshilash, elektrolitlar muvozanatini va kislota-ishqor balansini tiklash choralarini o‘z ichiga oladi. Bu maqsadda venaga ko‘p miqdorda 5% li glyukoza eritmasi, kokarboksilaza, panangin, V6 va V12 vitaminlari, essensiale, lipoat kislotasi yuboriladi. Ammiak zaharlanishini bartaraf etish va organizmda hosil bo‘ladigan ammiakni bog‘lash uchun glutamin kislotasi yoki ornitsetin eritmasi buyuriladi.

Zaharli moddalarning so‘rilishini kamaytirish uchun ich suruvchi dorilar va huqnalar yordamida ichak tozalanadi; ichakdagi chirish jarayonlarini to‘xtatuvchi keng ta’sir doirasiga ega antibiotiklar va laktulozaning qisqa muddatli kurslari tayinlanadi.

Jigar hujayrali komasi rivojlanganda prednizolon yuborish ko‘rsatilgan; kislorod yetishmovchiligiga qarshi kurashish maqsadida kislorod ingalyatsiyasi va yuqori bosimli kislorod bilan davolash o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Jigar yetishmovchiligini kompleks davolash uchun qonni tozalash usullari – gemosorbsiya, plazmaferez, gemodializ, hamda qonni ultrabinafsha nurlar bilan nurlantirish qo‘llaniladi.

Prognoz va profilaktika

Jigar yetishmovchiligini o‘z vaqtida kuchli davolash natijasida jigar funksiyasining buzilishi tiklanadi, kasallik oqibati ijobiy bo‘ladi. Jigar ensefalopatiyasi 80-90% hollarda jigar yetishmovchiligining so‘nggi bosqichi – jigar komasiga o‘tadi. Chuqur koma holati ko‘pincha o‘lim bilan yakunlanadi.

Jigar yetishmovchiligining oldini olish uchun jigar kasalliklarini o‘z vaqtida davolash, jigarga zarar yetkazuvchi ta’sirlardan, dori-darmonlarni me’yoridan ortiq qabul qilishdan, alkogoldan zaharlanishdan saqlanish lozim.

 

Maqola muallifi : Xalilov Nurilloxon Abdug‘ani o‘g‘li
104190cookie-checkJigar yetishmovchiligi haqida ma’lumot – sababi, belgilari, tasnifi, tashxislash, davolash va oldini olish

Share with:

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Tarjima qilish »