45-50 yoshni qarshilagan har kim, xoh ayol, xoh erkak bo`lsin jinsiy hayotida bir qancha o`zgarishlar yuz berganini tan oladi. Ba`zan bular ijobiy bo`lsa, ba`zan esa nojo`ya ta`sirlar bilan hayotdan zavq olishga halal beradi. Asosiysi esa umrning yangi davrida yuz berayotgan hodisalar tabiiy ekanligini, yoqimsiz holatlarni tuzatish va bartaraf etish mumkinligini tushunishdir!
Mutaxassis – Oliy toifali shifokor, seksapotolog Ramazon NAZAROV.

E`TIBORLI BO`LING!
Birinchi navbatda juftingiz va o`zingiz ayrim masalalarga oydinlik kiritib olishingiz zarur. Agar quyidagi holatlar sizda kuzatilsa, klimaks jinsiy hayotingiz dahl etmagan bo`ladi:
- Jinsiy yaqinlik hanuzgacha huzur bag`ishlaydi;
- hozirda o`rtangizda yaqinlikning miqdori hamda sifat darajasidan har ikkingiz ham mamnunsiz.
Gap shundaki, juftlikning har bir a`zosi mavjud holatdan rozi bo`lishi muhim ahamiyatga ega. Agar oilada jinsiy yaqinlikka moyillik kamaysa-yu, biroq birga vaqt o`tkazish har ikkingizga ham maroqli bo`lsa, unda muammo yo`q. Biroq juftlikning biri yaqinlikni talab qilganida, ikkinchisi buni rad etsa, demak echimi topilishi kerak bo`lgan masalalar yo`q emas.
NIMALAR O`ZGARADI?
Menopauza javrida aksariyat ayollarni quyidagi muammolar bezovta qiladi:
- Jinsiy maylning susayishi;
- Jinsiy yaqinlik davrida qin sohasida og`riq va yoqimsiz holat;
- Rohatlanmaslik;
- Juftida erektil disfunksiyaning kuzatilishi.
«XOHLAMAYMAN, ISTAMAYMAN!»
Organizm keksalik sari qadam tashlar ekan, erkak va ayolda jinsiy mayl birdek susayib boradi. Biroq libidoning pasayishidek muammo ayollarni erkaklarga nisbatan ikki barobarga ko`proq mahv etadi. Sababi:
- Testosteron gormoni miqdorining kamayishi,
- Klimaks sababli yuz bergan o`zgarishlar ayol o`zni jozibali his qilishiga to`sqinlik qiladi,
- Ayol juftini yoqimtoy deb hisoblamaydi,
- Xastaliklar (peshobni tutolmaslik, qindagi o`zgarishlar va bachadonning pastga tushib qolishi kabi).
YECHIMI
Tashqi ko`rinishingiz va qomatingizga e`tiborli bo`ling! Klimaks bilan ro`baro bo`lish hayot tugadi degani emas. Siz uquvsiz yosh qizlardan ko`ra ancha tajribalisiz, juftingizga nima yoqishini sizdan o`zgasi yaxshi bilmaydi! Bundan unumli foydalanish esa o`z qo`lingizda! Kegel mashqlari sizga yordam berishi shubhasiz.
«OG`RISA, NIMA QILAY?»
Menopauza davrini boshdan kechirayotgan ayollarning 40 foizi jinsiy yaqinlik vaqtidagi og`riq, ya`ni achishishdan shikoyat qiladi. Odatda bu og`riq qin sohasidagi quruq muhit tufayli yuzaga keladi.
SABABI:
- Gormonal muhit o`zgaradi;
- Qin terisi yupqalashib, elastikligini yo`qotadi;
- Jinsiy yaqinlikdan uzoq muddat tiyilish kuzitaladi.
YECHIMI
Intim sohani kimyoviy moddalar bilan yuvishdan voz keching. Tez-tez toza sovunsiz suvda toharat qilib turish darkor. Muntazam jinsiy hayotni yo`lga qo`yish tavsiya etiladi. Lubrikantlardan foydalanish zarar qilmaydi. Tarkibida estrogen gormoni bo`lgan vaginal shamchalar ham muammoni bartaraf etishda qo`l keladi.
«SENI KUTIB CHARCHADIM!»
Juftingizni mehriga qonishni istaysiz, biroq bundan o`zingiz kutgan rohatni ololmasangiz-chi… Klimaks davrida ayollar libidoni saqlab qolsada, his qilish qobiliyati pasayganidan ko`p shikoyat qilishadi.
SABABI:
- Gormonal o`zgarishlar;
- Klitorning his qilish qobiliyati susayishi;
- Kayfiyat o`zgaruvchanligi, tushkunlik.
YECHIMI
Yangiliklardan aslo cho`chimang, turmush o`rtog`ingiz bilan ochiqchasiga suhbatlashishdan tortinmang. Rohatni his qilmasligingiz sizning va juftingizni aybi emas. Biroq bu holatni faqatgina ikkingiz tuzata olasiz.
«YORIM SIZGA NE BO`LDI?»
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 55 yoshdan oshgan erkaklarning 50 foizi erektil disfunksiyadan aziyat chekishini tan oladi. Nima ham derdik, klimaks hech kimga shafqat qilmaydi!
YECHIMI
Shifokorga murojaat qilishga juftingizni ko`ndiring. Zamonaviy tibbiyot shu qadar rivojlanganki, necha yoshdaligidan qat`iy nazar, dori-darmonlar bilan ereksiyani qaytarish imkoniyati mavjud. Juftingizni qo`llab-quvvatlang! Negaki, bu davrda har qaysi erkak tushkunlikka tushib qolishi turgan gap.