Ba’zan hammasi oddiy charchoqqa nisbatan ancha jiddiy bo’ladi. Esnoq – beixtiyor yuz beradigan refleks bo’lib, unda og’iz keng ochiladi va chuqur nafas olish kuzatiladi. Mazkur eng sodda fiziologik hodisa miyani sovitib, diqqatni jamlashga yordam beradi va dam olish zaruratidan ogohlantiradi. Ko’pincha refleks empatiya, ya’ni “zanjirli reaksiya” natijasida ham yuz beradi: esnayotgan odamni ko’rganda yoki bu hodisaga oid matnni o’qish chog’ida o’zimizda ham esnash istagi tug’iladi.
Biroq, kislorod yetishmasligi esnoqqa sabab bo’lmaydi. Buni Merilend universiteti olimlari tajriba orqali isbotlaganlar. Ular sinov guruhidan biroz muddat yuqori darajada uglerod oksid gazi mavjud xonada hamda kislorod bilan to’yintirilgan xonada nafas olishni so’raganlar. Na birinchi, na ikkinchi xonada nafas olish esnoq paydo bo’lishiga sezilarli ta’sir ko’rsatmagan. Odam har kuni o’rtacha 7dan 23 martagacha esnaydi. Biroq, bu ko’rsatkich bir necha barobarga oshsa, ehtimol organizm salomatlik bilan bog’liq muammolardan darak berayotgani haqida o’ylab ko’rish zarur. Siz bilan esnoq qanday kasalliklarning alomati bo’lishi mumkinligini ko’rib chiqamiz.
1.Surunkali charchoq sindromi
Ko’p esnashning eng keng tarqalgan sababi – surunkali charchoq sindromidir. Ortiqcha ishlash, kam uxlash, noto’g’ri ovqatlanish va sport bilan shug’ullanmaslik ana shunday sindromni orttirib olishning oson yo’lidir. Surunkali charchoqni oddiy charchoqdan doimiylik xususiyati ajratib turadi: sakkiz soatlik uyqu yoki uzoq dam olish yordamida uni yo’qotish mumkin emas. U odamga bir necha oy yoki, hattoki, yil davomida hamroxlik qilishi mumkin. Surunkali charchoq nafaqat ish unumdorligiga, balki psixologik va ruhiy holatga ham ta’sir ko’rsatadi. Odam doimiy stress holatida bo’ladi. Esnoqning paydo bo’lishi sababi ham aynan shunda yashiringan. Doktor Simon Tompsonning nazariyasiga ko’ra, qonda kortizol, ya’ni “stress gormoni” darajasining ortishi esnoqni chaqiradi. Surunkali charchoqdan darak beruvchi boshqa alomatlar:
- ko’krakdagi og’riq;
- tez-tez nafas olish;
- nomuntazam va tez yurak urishi;
- hushdan ketishga yaqin holat;
- bosh og’rig’i.
2. Obstruktiv apnoe sindromi

Uyqu yetishmasligi yoki mutlaqo yo’qligi organizmni charchatadi, charchoq esa, o’z navbatida, esnoqni keltirib chiqaradi. Biroq, ba’zida dam olish sifati bilan bog’liq muammolar borligini tushunish qiyin. Masalan, obstruktiv apnoe sindromi shu jumladandir. Ushbu kasallikdan aziyat chekadigan odamlar o’z vaqtida uxlashga yotishi, sakkiz soat uxlashiga qaramay, baribir kun davomida charchoqni his qilaveradi. Obstruktiv apnoe sindromi uyqu vaqtidagi nomaqbul qisqa muddatli nafas olishdan to’xtash sifatida namoyon bo’ladi. Uxlayotgan odam havo oqimi tiklanganidan so’ng bo’g’ilish hissi bilan uyg’onishi yoki shunchaki baland hurrak chiqarib, chuqur nafas olishi va normal uyquga qaytishi mumkin. Odam bunday muammoning mavjudligidan bexabar bo’lishi mumkin. Aslida, bu kasallik kamyob emas: har beshinchi katta yoshdagi odam yengil shakldagi apnoega ega. Uyquga bog’liq muammo borligini quyidagi alomatlar orqali tushunish mumkin:
- diqqatning buzilishi;
- uyg’ongandan keyin og’izdagi quruqlik;
- reflekslar va javob reaksiyalarining sekinlashishi; doimiy jahldorlik;
- mushaklardagi zaiflik yoki og’riq.
3. Semizlik
Semizlikdan aziyat chekadigan odamlarda esnoq ikkita sabab tufayli paydo bo’lishi mumkin:
- Muvozanatga keltirilmagan parhez yoki qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi. Shular sababli gormonal fon buzilib, uyquchanlik va charchoq ortadi.
- O’pka gipoventilyatsiyasi sindromi, ya’ni qiyin nafas olish yoki chuqur nafas olish imkonsizligi. Buning paydo bo’lishiga miya faoliyatining sekinlashuvi yoki ortiqcha vazn ta’siri natijasida ko’krak qafasining bosilib qolishi sabab bo’ladi. Gipoventilyatsiya sindromi tufayli uglerod oksidli gaz miqdori oshib, kislorod hajmi kamayadi. Bunday holatda esnoq kirayotgan havo oqimini tartibga solishda yordam beradi.
Mauo klinikasining ma’lumotiga ko’ra, semizlik bor yoki yo’qligini tana massasi indeksini hisoblash orqali aniqlash mumkin. Buning uchun oddiy formula mavjud: vaznni (kilogrammda) o’z kvadratiga oshirilgan bo’y (metrda) ko’rsatkichiga bo’lish kerak. 30dan yuqori barcha ko’rsatkichlar semizlikdan darak beradi.
4.Tushkunlik (depressiya)
Tushkunlik holatida esnoqning paydo bo’lishiga ham qonda kortizol miqdorini ortishi, ham dori vositalarining qabul qilinishi sabab bo’lishi mumkin. Masalan, sitalopram va fluoksetin kabi antidepressantlar serotonin gormoni miqdorini oshiradi. U esa, o’z navbatida, charchoqqa sabab bo’ladi. Tushkunlik holatiga faqat shifokor tashxis qo’yishi mumkin. Agar o’zingizda quyidagi alomatlarni uzoq vaqt kuzatayotgan bo’lsangiz, shifokorga murojaat qilish zarur:
- qayg’u, chorasizlik va bo’shliq hissi;
- voqealarga qiziqishning yo’qolishi;
- beixtiyor tajovuzkorlik namoyon bo’lishi;
- bosh yoki beldagi og’riqlar;
- o’lim haqidagi fikrlar.
5. Bezovtalik xastaligi

Bezovtalik xastaligi ham stress holatida bo’lish va kortizol miqdorini ortishi bilan izohlanadi. Bunday vaziyatda quvvatning kamayishi va yurak ishlashiga doir muammolar esnoqqa sabab bo’lishi mumkin. Bezovtalik hissi qancha kuchli bo’lsa, esnoq shuncha ko’p takrorlanadi. Bezovtalik xastaligining boshqa alomatlari:
- terlash;
- giperventilyatsiya;
- tez-tez yurak urishi;
- uyqu va ovqatlanishdagi buzilishlar.
Muhim: bezovtalik xastaligining alomatlari bir martalik emas hamda kamida har kuni yoki bir necha kun mobaynida namoyon bo’lishi kerak.
6. Yurak kasalliklari

Yurak faoliyatidagi buzilish holatlarida tarqoq nerv stimulyatsiyasi esnoqni hosil qilishi mumkin. U bosh miyani yurak hamda oshqozon-ichak trakti organlari bilan bog’laydi. Bu holatda esnoq qon bosimining pasayishi va yurak ritmining sekinlashishi natijasida paydo bo’ladi. Yurak faoliyati buzilganining boshqa alomatlari:
- ko’krakdagi og’riq;
- yuzaki nafas olish;
- tananing yuqori qismidagi og’riq;
- yurishning buzilishi;
- ko’ngil aynishi;
- bosh aylanishi.
7. Insult
Tez-tez esnash yaqinda insultni boshidan kechirgan odam uchun odatiy holatdir. Shifokorlarning fikricha, bu jarayon huruj chog’ida qizib ketadigan tana va miya haroratini pasaytirishga yordam beradi. Shuningdek, esnoq bevosita insult yuz berishidan avval ham kuchayishi mumkin, shu bois hurujga xos alomatlarga e’tibor berish kerak:
- ozib qolgan yuz, og’izning bir tomonida kulish;
- holsizlik va qo’lni ko’tara olmaslik;
- tushunarsiz nutq.
Bu belgilarning barchasi zudlik bilan tez yordamni chaqirish kerakligidan ogohlantiradi.
8. Tarqoq skleroz
Tarqoq sklerozga ega bemorlarda esnoqqa bosh miya ustunining shikastlanishi sabab bo’ladi. Bu soha tomoq, chaynash va mimika mushaklarining faoliyati uchun javob beradi. Bosh miya ustunining o’zgarishi beixtiyoriy reflekslar, xususan esnash va chaynashni yuzaga keltiradi. Tarqoq skleroz – surunkali autoimmun kasallik bo’lib, unda asab tolalarining himoya qobig’i yemiriladi. Bunday kasalligi bor odamlarda miya va qolgan tana o’rtasidagi aloqa buzilishi natijasida turli nevrologik alomatlar, masalan, peshob chiqarishda buzilish, mushak tonusining ortishi, bosh aylanishi paydo bo’ladi. Tarqoq sklerozda xotira yo’qolishi kamdan-kam uchraydi. Tarqoq sklerozda quyidagi alomatlar kuzatiladi:
- ko’rish qobiliyatining pasayishi;
- tana, yuz yoki oyoq-qo’llarning uvushib qolishi yoki sanchishi;
- bosh aylanishi;
- muvozanatga bog’liq muammolar.
9. Bosh miya o’simtasi
Takroriy esnash bosh miya o’simtasining kamyob alomati hisoblanadi. Bu holatda refleks kuchli charchoq tufayli paydo bo’ladi. Bosh miya o’simtasining boshqa alomatlari:
- bosh og’riqlari;
- hulqdagi o’zgarishlar, masalan, tajovuzkorlik, apatiya, bezovtalik;
- qisman xotira yo’qolishi;
- ko’rish qobiliyatining pasayishi.
10. Jigar faoliyatining buzilishi

Gormonal muvozanatning buzilishi va buning oqibatida yuzaga kelgan kuchli charchoq jigar kasalligidan aziyat chekadigan odamlarda ko’pincha esnashga sabab bo’ladi. Organ faoliyati buzilganligining boshqa alomatlari:
- ishtaha yo’qolishi;
- ko’ngil aynishi;
- peshobning to’q rangga kirishi;
- ko’zlar va terining sarg’ayishi;
- chalkash fikrlash;
- qo’llar yoki oyoqlar shishi.
11. Epilepsiya

Esnoq kamdan-kam epilepsiya alomati sifatida qayd etiladi. Mazkur holatda esnoqqa organizmning bosh miya chakka sohalaridagi zo’riqishga ta’siri sabab bo’ladi. Ularda spazm huruj vaqtida yoki undan keyin sodir bo’ladi. Epilepsiyaning boshqa alomatlari:
- qo’rquv va bezovtalik hissi;
- vaqtinchalik chalkashish;
- qo’l-oyoqning nazoratsiz qimirlashi;
- ongni yo’qotish.
Ba’zida esnoq ayrim dori vositalarining qabul qilishning asorati sifatida ham paydo bo’ladi. Jumladan:
- Antigistamin dorilar: ular asab tizimiga bosim o’tkazadi va uyquchanlik hamda esnoqni paydo qiladi.
- Ayrim og’riq qoldiruvchilar. Tarkibida opiatlar mavjud bo’lgan dorilar, masalan buprenorfin, nalbufin, kodein kabi analgetiklar uyquchanlik natijasi sifatida esnoqqa sabab bo’lishi mumkin.
- Qon bosimi pasaytiruvchi dorilar. Yurak ritmini sekinlashtirish evaziga uyquchanlikni chaqiradi.
Esnoq – organizmning charchagani yoki ortiqcha zo’riqqanligidan darak beradigan normal holatdir. Biroq, oxirgi paytda odatdagidan ko’proq esnayotganingizni sezgan bo’lsangiz, shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul. Agar esnoqdan tashqari, jiddiy kasalliklarning boshqa alomatlarini sezsangiz, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qiling.