Kuz kelib, ob-havo sovishi bilan aholi orasida surunkali xastaliklar, jumladan revmatizm kasalligi ham xuruj qila boshlaydi. Xo‘sh, bu kasallik kimlarda uchraydi? Nasldan naslga o‘tadimi? O‘z vaqtida davolansa to‘liq tuzaladimi? Muxlislarni qiziqtirgan shu mazmundagi savollarga revmatolog Zebiniso Ahmedova quyidagicha javob berdi:
– Revmatizm – biriktiruvchi to‘qimaning yallig‘lanish kasalligi. U asosan immun buzilishlar natijasida streptokokk infeksiyasi oqibatida rivojlanadi va asosan yurak va bo‘g‘imlarga xavf soladi. Revmatizm rivojlanishiga to‘laqonli ovqatlanmaslik, o‘ta sovqotish, haddan ziyod charchash, past immunitet ham qulay sharoit yaratadi.
Bu kasallik asosan ayollarda, 7-15 yoshli o‘smirlarda ko‘p uchraydi. Agar yaqin qarindoshlarda revmatizm qayd etilgan bo‘lsa, keyingi avlodda ham unga moyillik bo‘lishi mumkin. Tomoq yallig‘lanishi tez-tez takrorlanuvchi kishilarda agar organizmda o‘ziga xos oqsil mavjud bo‘lsa, bunda ham infeksiya asorati sifatida revmatizm rivojlanishi ehtimoli ortadi.
Kasallikda bo‘g‘imlar og‘riydi, shishadi, yurak juda tez yoki sekin uradi. Demak yurak maromi buzilishi, ko‘krakda og‘riqlar, bo‘g‘imda harakat cheklanishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Bu holatlarda vaqtni o‘tkazmay revmatolog shifokorga uchrashish zarur.
Bemor tez tuzalishi uchun uning ovqati oqsilga boy, to‘laqonli bo‘lishi lozim. Davolashda maxsus antibiotiklar, yallig‘lanishga qarshi, immunitetni ko‘taruvchi va tinchlantiruvchi preparatlar qo‘llanadi. Ular yaxshi samara bermasa, bo‘g‘imlarga dori yuborish yoki tabobat usullari ko‘magida simptomatik ravishda davolanadi.
Revmatizmning faollashgan davrida qon aylanishini yaxshilash maqsadida qo‘l va oyoqlarni massaj qilish, badantarbiya ham foydalidir. Agar o‘z vaqtida davolanilsa revmatizmni jilovlash, tizim va a’zolardagi jiddiy asoratlarining oldini olish mumkin.