Tashxislash

Siydik miqdorining o’zgarishi haqida ma’lumot – sababi, belgilari, turlari, nomlanishi, tashxislash, davolash va oldini olish

Sog’lom odamda issiq va quruq ob–havo paytlari ajraladigan siydik soni kamayishi mumkin. Siydik ajralishining ko’payishi ko’p suyuqlik ichishiga ham bog’liq bo’lib, bu fiziologik holatdir.

Poliuriya

Poliuriya – ajraladigan siydik sonining patologik ko’payishi. Bunda bemor, odatda, nisbiy zichligi past (1002–1012) bo’lgan 2000 ml dan ko’p siydik chiqaradi. Faqat qandli diabet bilan og’rigan bemorlarda poliuriya vaqtida siydikning nisbiy zichligi glyukozaning borligi hisobiga yuqoriligigacha (1030 gacha) qoladi. Poliuriya, odatda, pollakiuriya bilan birga kuzatilib, har siyishda ko’p sonda siydik ajralib chiqadi. Urologik kasalliklarda poliuriya buyrak kontsentratsiyalash qobiliyatining pastligini ko’rsatadi va buyrakning surunkali etishmovchiligi belgisi hisoblanadi. Buyrakning surunkali etishmovchiligi surunkali pielonefritda, buyraklar polikistozi, prostata bezi xavfsiz giperplaziyasi (adenoma)da bo’lishi mumkin.
Poliuriya buyrak o’tkir etishmovchiligining II (diuretik) bosqichi uchun ham xarakterli bo’lib, bunday holda u yaxshi prognoz belgisi hisoblanadi. Poliuriyaga diuretik (siydik haydovchi) dori vositasi ham sabab bo’lishi mumkin.

Opsouriya

Opsouriya – ko’p suyuqlik ichganda bir sutka va undan ko’proq vaqtdan keyin ko’p miqdorda siydik ajralishi. Ko’pincha yurak etishmovchiligida kuzatiladi, jigar va oshqozon osti bezi kasalliklarining simptomi ham bo’lishi mumkin.

Oliguriya

Oliguriya – ajralgan siydik miqdorining kamayishi. Sog’lom odamlarda kam suyuqlik ichganda sutkalik siydik miqdori kamayishi (bir sutkada 500 ml dan kam bo’lmasligi) mumkin. Bunday vaqtda siydikning kontsentratsiyasi ko’proq, nisbiy zichligi esa yuqori bo’ladi. Bir sutkada ajraladigan siydik miqdorining 100 ml dan 500 ml gacha o’zgarib turishi ham oliguriyadan dalolat beradi. Oliguriya o’tkir va Buyrakning surunkali etishmovchiligining simptomlaridan biri bo’lib, ularning juda yomon prognoz belgisi hisoblanadi. Oliguriya paytida siydikning nisbiy zichligi past bo’ladi.
Urologik kasalliklardan tashqari, oliguriya ko’p miqdorda suyuqlik yo’qotish (ich ketishi, qusish, qon ketishi, ko’p terlash, isitma) bilan bog’liq hamma patologik holatlarda hamda yurak etishmovchiligi oqibatida shishlar rivojlanganda kuzatilishi mumkin. O’tkir nefritda oliguriya buyrak kalavalari membranasi fil`trlash qobiliyatining buzilishi bilan bog’liq.

Anuriya

Anuriya – qovuqqa siydik tushishining to’xtab qolishi. Bu holat buyrak parenximasidan siydik ajralmasligi yoki yuqori siydik yo’llarida to’siq bo’lishi sababli siydikning qovuqqa etib bormasligi bilan bog’liq bo’ladi. Anuriya vaqtida siyishga qistash bo’lmaydi, qovuqdan kateterlash yo’li bilan faqat bir oz sonda (20–30 ml dan ko’p emas) siydik olish mumkin.
Qovuqda siydik bo’lmasligi uch turdagi omillar bilan bog’liq bo’lishi mumkin, ular anuriyaning uchta asosiy shakliga:

  • a) prerenal,
  • b) renal (sekretor)
  • v) postrenal (ekskretor) shakliga sabab bo’ladi.
  • Anuriyaning arenal (renopriv) shakli aloxida o’rinni egallab, bunga buyraklarning yo’qligi, jumladan, yagona buyrakni tasodifan yoki oldindan o’ylab olib tashlash sabab bo’ladi.

Prerenal anuriya ikkala buyrak yoki yagona buyrak arteriyalari yoki venalari berkilib qolganda buyrakda qon aylanishining keskin buzilishi, kollaps, og’ir shok, degidratatsiya oqibatida paydo bo’ladi.
Renal sekretor anuriya o’tkir glomerulonefritda, mos kelmaydigan qon quyganda, nefrotoksik zaharlar bilan zaharlanganda, allergik reaktsiyalarda, uzoq muddatli ezilish sindromida, buyrak kalava va kanalchalarining birlamchi zararlanishi natijasida ro’y berishi mumkin.
Postrenal ekskretor anuriya – yagona yoki ikkala buyrakdan siydik chiqishiga to’siq bo’lishi natijasida vujudga keladi. Siydik naylarining berkilishiga har ikkala buyrak va siydik naylari toshlari, siydik yo’llarining o’sma bilan qisilishi, ginekologik operatsiyalar qilganda siydik naylarini tasodifan bog’lab qo’yish ham sabab bo’lishi mumkin.

74280cookie-checkSiydik miqdorining o’zgarishi haqida ma’lumot – sababi, belgilari, turlari, nomlanishi, tashxislash, davolash va oldini olish

Share with:

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Tarjima qilish »